Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eshitilmagan dard yoki qarg‘ish toshni yoradimi?

Eshitilmagan dard yoki qarg‘ish toshni yoradimi?

foto: chatgpt

Nimadandir yoki kimdandir g‘azablanganda qarg‘ayotgan odamni ko‘rganmisiz, qalbingizdan o‘shanda nimalar o‘tgan?

Internetga kirsangiz qarg‘ishga bag‘ishlangan maqolalarga, qarg‘ish olmaslik to‘g‘risidagi nasihatlarga, hayotni o‘zgartirishga qodirligi haqidagi faktlarga, videolarga duch kelasiz.

Bugungi aytmoqchi bo‘lganimiz qarg‘ishning kuchi haqida emas... unga boshqa tomondan qarash, aytaylik qarg‘ayotgan odam nima yo‘qotadiyu nima topadi?   Yo‘q bu maqola qarg‘ish noto‘g‘ri bo‘lsa o‘ziga qaytishi yoki yaqiniga “urishi” haqida ham emas...

Qarg‘ish qoralamoq(mi?)

“O‘zbek tili etimologik lug‘ati”da qarg‘ish yomonlik tilab aytiladigan so‘zlar deb izohlangan. “Qadimgi turkiy tillar etimologik lug‘ati”da ham shunday ma’noni anglatgan bu so‘z “la’natlash” ma’nosidagi qarig‘ fe’lidan yasalgan, ya’ni qarg‘amoq so‘zi ildizidagi qar, kar, qara so‘zlari “la’natlash, g‘iybat, orqadan zarba berish, haqorat” ma’nolarida keladi deyilgan. Yana ushbu lug‘atda qarg‘ish so‘zining ildizi “qoraga bo‘yash” ma’nosida izohlanganini ham ko‘ramiz.

O‘zi inson nima uchun qarg‘aydi, xunuk va bir-biridan qo‘rqinchli iboralarni nega tilga oladi, masalan: “og‘zingdan qoning kelsin”, “juvormag bo‘l”, “yomonliging bolangga ursin”. Ushbu qarg‘ishlar juda qo‘rqinchli va halokatli yo‘lga yetaklaydigandek. Axir, og‘izdan qora qonning kelishini yoki do‘zaxda yonishni tasavvur qilishning o‘zi dahshat ekan, nima uchun bu gaplar aytiladi yoki aytilmasa muammo hal bo‘lmaydimi?

Qarg‘amoq — bu so‘z aytilishdan oldin ruhdan boshlanadigan qoralikmi? Odamning tafakkuri o‘sha paytda chuqur qorong‘ulikka kirib ketadi va o‘sha qorong‘ulik so‘zga aylanadimi?

Inson nega qarg‘aydi? Psixologiyada javobi bor...

“Men, psixolog sifatida ham, oddiy ayol va inson sifatida ham bu temaga negadir qiziqaman, deb yozadi o‘z kanalida psixolog Madina Miytan. — Masalan, kuzatuvlarimga ko‘ra odamlarimiz turli nohaqliklarga, adolatsizliklarga javoban qo‘llaydigan iboralarimiz bor: “Xudoga soldim”, “Xudo jazoingni bersin”, “Do‘zaxga o‘tin bo‘l”, “Bolalaringdan qaytsin” va hokazo. Bu iboralar ortida qanday psixologik jarayonlar yotadi? Buning ilmiy asosi nimada? Birinchidan, bu iboralar insonning o‘z hayoti ustidan nazorat yo‘qolishidan kelib chiqadigan stressning namoyon  bo‘lishidir. Adolatsizlikka duch kelganda kuchsizlik hissiyoti paydo bo‘ladi. Inson o‘zining voqealarni boshqara olmasligini anglaganda, noxush his-tuyg‘ular – g‘azab, qo‘rquv, noumidlik yuzaga keladi. Qarg‘ish, bu holatda “o‘zini oqlash mexanizmi” sifatida ishlaydi.”

Psixologning izohlashicha, inson bu paytda o‘zining kuchsizligini tan olishni istamay, voqealarni boshqarishga harakat qiladi – hatto, bu boshqarish yolg‘on va ishonchsiz bo‘lsa ham.

“Qarg‘ish, ya’ni “oliy kuchlar” ga murojaat qilish, nazorat illyuziyasini yaratishga xizmat qiladi, — deydi muallif. — Go‘yo, shu bilan xotirjamlik hissini tuyadi, ammo aslida bunday bo‘lmaydi. Illyuziya bu. Ikkinchidan, bunday emotsional reaksiyalarning gender jihati ham bor. Kuzatishlarimga ko‘ra, ayollar ko‘pincha erkaklarga nisbatan ko‘proq qarg‘aydilar. Bu to‘la stereotip emas, balki ma’lum darajada haqiqatga yaqin. Ayollar ko‘pincha emotsional ekspressionlilikka moyil bo‘lishadi va jamiyat tomonidan qo‘shimcha bosimga erkaklarga nisbatan ko‘proq uchraydilar. Ular hayotida bo‘layotgan nohaqliklarni ifoda qilishda, ayniqsa, oilaviy munosabatlardagi muammolarni ifoda etishda qarg‘ish shaklidagi reaksiyalarni ko‘p kuzatishimiz mumkin. Bu, albatta, jamiyatning ayollar bilan bog‘liq tarbiyaviy va ijtimoiy normalari, ularga qo‘yiladigan talablar, ularning emotsional ekspressionligiga bo‘lgan munosabati bilan ham bog‘liq. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam “Xudoga soldim” kabi iboralar insonning kuchsizlik hissiyoti va stress bilan bog‘liq psixologik holatlarining namoyon bo‘lishi. Bu iboralarning hech qanday samarasi yo‘q, aksincha, ular insonning salbiy his-tuyg‘ularini kuchaytiradi va stressni oshiradi. Mabodo kimdirning qarg‘ishi amalga oshgan bo‘lsa, bu shunchaki tasodif yoki ko‘plab boshqa omillar sabab. Ha, albatta kimnidir dilini og‘ritish va adolatsizlik qilish yomon.”

Mutaxassisning xulosasiga ko‘ra: “kimnidir qarg‘ash orqali agar u amalga oshsa ham baribir xotirjam bo‘la olmaysiz. Sizda tanlov bor, yo sizga qilingan yomon munosabatga sog‘lom yechim topasiz, farqi yo‘q qanday harakatlanasiz (yaxshi odam bo‘lib yoki yomon odam), yokida kuchsiz bo‘lib xudoga solasiz-u esdan chiqarolmay qarg‘ab yuraverasiz....”

Ushbu maqolani o‘qiganimda o‘ylab yurgan savollarimga javob topgandek bo‘ldim. Demak, psixolog ta’kidlaganidek, qarg‘ishning ta’siri ko‘pincha real la’natda emas, balki insonning bunga ishonganida namoyon bo‘ladi. Ishonuvchan odam qarg‘ishni qabul qiladi va o‘z hayotida salbiy narsalarni kuzata boshlaydi, bu fanda faqat ishonchga mos belgilarni ko‘rish mexanizmi deyiladi.

O‘zini o‘zi “jazolaydi”mi?

Umuman olganda qarg‘ishni ijtimoiy bosim quroli desak bo‘ladimi, ha... Qarg‘ish ayniqsa katta yoshlilar yoki “avtoritet” bo‘lgan kishilar tomonidan aytilganda kuchli ta’sir qiladi: qo‘rqitish va nazorat mexanizmiga aylanadi, uyat va ayb hissi orqali odamni “jazolaydi”. Hatto mutaxassislarning fikriga ko‘ra, qarg‘ish insonda aybdorlik, ichki yopiqlik va fobiyalarni shakllantirishi mumkin.

Fan nuqtai nazaridan qarg‘ishning “kosmik kuchi” isbotlanmagan. Ammo uning psixologik va ijtimoiy ta’siri yetarlicha. Bu ta’sir ayniqsa, bolalikdan “qarg‘ishdan qo‘rqish”ni o‘rganganlarda, stress va ruhiy bosimga moyil insonlarda kuchli bo‘ladi.

Aytaylik, bola yomon ish qildi, masalan, birovning haqiga xiyonat. Shu payt onasi: “Boshqa odamga yomonlik qilsang, la’natiga qolasan!” deydi.

Natijada bola nafaqat “jazo”dan, balki karmaga o‘xshash salbiy oqibatdan qo‘rqadi. Bu xulq-atvorni qo‘rquv orqali boshqarish usuli. Bu holatda qarg‘ish — jazo emas, ehtimoliy jazo haqidagi signal. Shunday qilib, odam xatti-harakatini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Shu o‘rinda demak qarg‘ishdan qo‘rqishning tarbiyaviy ahamiyati bor ekanda, deya xulosa chiqarishga shoshilmang, balki bolani qarg‘ishdan qo‘rqishga da’vat qilishdan ko‘ra, nima uchun yomonlik qilish yoki birovning haqiga xiyonat qilish noto‘g‘ri ekanligini tushuntirish muhimroq.

Ba’zi jamiyatlarda qarg‘ish ko‘pincha axloqiy tartib mexanizmi sifatida ishlaydi. Bu haqda sotsiologiyada ham tadqiqotlar bor, etnograf Edvard Evans-Pritchard Sudan va Afrika mamlakatlarinii o‘rganish jarayonida qarg‘ish, jamiyatda huquqiy tizim yo‘qligi bois qo‘rquv orqali nazorat vazifasini bajarganligini ta’qidlaydi. Ya’ni odamlar jinoyatning o‘zidan ko‘ra qarg‘ishdan, la’natlanishdan ko‘proq qo‘rqishgan, chunki bu nafaqat o‘zini, balki oilasini ham qamrab oladi degan ishonch bo‘lgan.

Inson miyasi «hikoya qurishga» moyil...

Shu sababli agar yomon hodisa qarg‘ish aytilgandan keyin sodir bo‘lsa, miya avtomatik ravishda ularni bog‘laydi, go‘yo qarg‘ish ishlagandek, ya’ni voqealar o‘rtasida real bog‘lanish bo‘lmasa ham, odam uni bor deb ishonadi. Xullas, qarg‘ish ko‘pincha uning aytilganida emas, unga bo‘lgan ishonchda yashaydi. Odam o‘zini unga ishontiradi, shunchaki tasodiflarni mantiqiy bog‘laydi, va “qarg‘ish tegdi” degan ssenariyni o‘zi tuzadi.

Qarg‘ish odamning ichki holatini fosh qiladi

Psixologlar fikriga ko‘ra, og‘ir qarg‘ish ortida umidsizlik, alam, o‘zini nochor his qilish, hech narsani o‘zgartirish imkoni yo‘qligi yotadi. Bunday odam aslida “jazolash”ni emas, eshitilishni istaydi. U “men senga yomonlik tilayapman” demayapti, aslida “mening qalbimda yara bor, men nochorman, meni hech kim eshitmadi” deb baqiryapti.

Qarg‘ish bu og‘ir tosh. Uni otgan odam ham, uriladigan odam ham og‘riq his qiladi.  Va odamlar munosabatlaridagi haqiqiy yengillik va adolat tosh otilmaganida emas, uni olib tashlaganda boshlanadi. Qalbingizdagi og‘ir tosh — og‘riqli og‘ir so‘zlarni olib tashlang!

                                                                                     Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring