Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada 2027-yil yakunigacha 300 mln dollarlik 50 ta loyiha ishga tushiriladi

Farg‘onada 2027-yil yakunigacha 300 mln dollarlik 50 ta loyiha ishga tushiriladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiyalarni jalb qilish va ular samaradorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi.

Qayd etilishicha, viloyatdagi 1 ming 77 gektar ekin yerlari sanoat zonalari uchun ajratilgan. Endi tuman hokimlari har bir gektar yerdan yiliga kamida 50 milliard so‘mlik mahsulot olishni ta’minlashi shart.

Shuningdek, sanoat zonalarida umumiy qiymati 5 milliard dollarlik loyihalarni boshlash topshirildi. Beshariq tumanidagi Andarxon mahallasida 7 gektar maydonda erkin savdo zonasi tashkil etilishi belgilandi.

Qo‘qonda 11 gektar maydonda joylashgan mexanika zavodi atigi 20 foiz quvvatda ishlayotgani tanqid qilindi. Ushbu hududda 70 million dollarlik yirik savdo kompleksi barpo etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

«Tarixiy obidalar va betakror tabiatni o‘zida jamlagan Farg‘onada xorijiy turistlar oqimini yana 2-3 karra oshirsa bo‘ladi», – dedi Prezident.

Shu maqsadda Qo‘qon va Marg‘ilonni ziyorat turizmiga, So‘x, Quva, Beshariq va Farg‘ona tumanlarini tibbiy va ekoturizmga ixtisoslashtirish rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Quva tumanidagi «Karkidon» suv ombori atrofida turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, xavfsizlikni ta’minlash uchun favqulodda vaziyatlar markazi ishga tushirildi. Shu kabi yana 25 ta suv omborini bosqichma-bosqich turistik maskanlarga aylantirish reja qilingan.

Marg‘ilonda «Burhoniddin Marg‘inoniy» ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi ochilishi hududning madaniy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Farg‘ona tumanida «Shohimardon – Yordon» xalqaro kurort zonasi, «Vodil» agroturizm klasteri va boshqa majmualar barpo etilmoqda. Barcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2027-yil yakuniga qadar 300 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring