Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fors ko‘rfazi inqirozi: neft, geosiyosat va AQSh yordamiga qaramlik

Fors ko‘rfazi inqirozi: neft, geosiyosat va AQSh yordamiga qaramlik

Yaqin Sharqdagi keskinlikning cho‘zilib ketishi Fors ko‘rfazi davlatlarini jiddiy iqtisodiy sinovga duch keltirmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar neft eksportiga zarba berib, mintaqaning asosiy daromad manbaini izdan chiqardi.

Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar uchun neft eksporti — budjet barqarorligining asosiy omili hisoblanadi. Ayni paytda esa ushbu tushumlar keskin qisqarib, umumiy yo‘qotishlar 45–70 milliard dollarga baholanmoqda. Bu faqat energetika sohasi bilan cheklanib qolmay, xizmatlar sektoriga ham ta’sir qilyapti: masalan, Dubayda turizm sezilarli pasaydi.

Moliyaviy bosim kuchaygan bir paytda, ko‘rfaz davlatlari AQShdan dollar svop liniyalari orqali yordam so‘ramoqda. Bu mexanizm markaziy banklarga tezkor dollar likvidligini ta’minlab, bank tizimidagi bosimni yumshatishga xizmat qiladi. Neftdan keladigan valyuta oqimi kamaygan sharoitda bunday qo‘llab-quvvatlash strategik ahamiyatga ega.

Vashington uchun ham bu masala biryoqlama emas. Bir tomondan, moliyaviy bozorlarda beqarorlikni oldini olish, AQSh aktivlarining ommaviy sotilishini cheklash muhim. Ikkinchi tomondan esa, boy ko‘rfaz davlatlarini qutqarish ichki siyosiy bahslarni kuchaytirmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp bu davlatlarga yordam berishga tayyorligini bildirgan bo‘lsa-da, muxolifat buni qimmat va siyosiy jihatdan bahsli qaror sifatida baholamoqda.

Umuman, vaziyat Fors ko‘rfazi davlatlarining neftga yuqori darajada bog‘liqligi qanday xavflar tug‘dirishini yana bir bor namoyon qildi. Geosiyosiy omillar kuchaygan sharoitda iqtisodiy diversifikatsiya va moliyaviy barqarorlik masalalari yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring