Fuqaroga qo‘sh xotinli bo‘lish qimmatga tushdi
Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida yashovchi fuqaro M.B. qonunni yaxshi bilsa-da, oilali bo‘lishiga qaramasdan ikkinchi ayolni uyiga olib kelib, u bilan er-xotin sifatida yashay boshladi. Bu harakat, tabiiyki, uning birinchi turmush o‘rtog‘iga og‘ir zarba bo‘ldi.
Ayol qancha qarshilik qilmasin, fuqaro M.B. tomonidan doimiy bosim va zo‘ravonlikka duch keldi. Voqeadan xabardor bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishni sudga oshirdi.
Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro M.B. axloq tuzatish ishlariga mahkum etilib, 37 million 500 ming so‘m miqdorida jarima to‘lashga majbur qilindi.
Ammo u jarimani ixtiyoriy ravishda to‘lamadi. Shundan so‘ng, Majburiy ijro byurosi ishga kirishdi. Fuqaro M.B. ning «Malibu» rusumli avtomashinasi xatlovga olindi va qarz so‘ndirilmasa, auksion orqali sotilishi haqida ogohlantirildi.
Mashinasidan ayrilish xavfini his etgan fuqaro M.B. «mol achchig‘i jon achchig‘i» degan gapning ma’nosini yaxshi tushundi va bir kunda barcha jarimani hamda ijro yig‘imini to‘lab berdi.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 126-moddasiga binoan ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter