Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Futbol: O‘zbekistonda U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi

Futbol: O‘zbekistonda U-20 Jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish hamda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli yirik musobaqalarini o‘tkazish maqsadida tegishli qarorni qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (A.Aripov, rais) tuziladi va chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi.

Tashkiliy qo‘mitaga quyidagi vazifalar yuklatilmoqda:

  • Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • FIFA talablariga muvofiq Jahon chempionati o‘tkaziladigan ob’yektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlash;
  • Jahon chempionati ishtirokchilarining O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport, tibbiy xizmat ko‘rsatish va volontyorlik masalalarini muvofiqlashtirish;
  • Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarni uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash;
  • Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarda futbol stadionlari, mashg‘ulot maydonlari va mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish.

Belgilanishicha, Tashkiliy qo‘mitaga yuqoridagi bandda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tezkor qarorlarni qabul qilish vakolati beriladi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil 2-oktyabr kuni FIFA Kengashi tomonidan futbol bo‘yicha Jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring