Google endi svetofor qidirtirmaydi: yangi QR-kodli reCAPTCHA haqida eshitdingizmi?
Internet foydalanuvchilari yillar davomida bir narsadan charchagan edi:
“Rasmdagi avtobuslarni belgilang” yoki “svetoforlarni toping.”
Sizning ham bunday ishlardan fig‘oningiz falakka chiqqani aniq! Ajoyib yangilik, endilikda Google mashhur reCAPTCHA tizimidan asta-sekin voz kechmoqda. Uning o‘rniga esa yangicha ancha murakkab texnologiya — QR-kod orqali inson ekaningizni osongina tasdiqlab beradi.
Xorijiy texnologik manbalar, jumladan Android Authority, Cybernews va Reddit foydalanuvchilari bu tizim ortida oddiy qulaylik emas, balki internet xavfsizligining yangi davri boshlanayotganini ta’kidlashmoqda.
2026 yil aprel oyida Google yangi xavfsizlik tizimi — Google Cloud Fraud Defenseni rasman taqdim etdi. Tizimning asosiy maqsadi — sun’iy intellekt yordamida ishlayotgan zamonaviy botlarni to‘xtatish. Chunki bugungi AI-botlar oddiy CAPTCHA testlarini odamdan ham tezroq yecha boshlashdi.
Avvallari foydalanuvchilar bir nechta rasmni tanlashardi. Endi esa jarayon butunlay boshqacha ishlaydi:
- Saytga kirasiz;
- Google sizning harakatlaringizni tahlil qiladi;
- Agar tizim sizni “shubhali” deb topsa ekranda QR-kod chiqadi;
- Telefon orqali kodni skaner qilasiz;
- Shundagina Google qurilmangiz haqiqiy ekanini tasdiqlaydi.
Ya’ni, endi Google uchun sichqonchani qanday bosganingiz emas, balki telefoningiz qanchalik ishonchli ekani muhim bo‘lib qolmoqda.
Texnologik ekspertlar buni internetdagi yangi davr — “Agentic Web”ning boshlanishi deb atashmoqda. Bu endi internetda odamlar emas, AI-agentlar harakat qiladi deganidir.
Bugun sun’iy intellekt saytga kira oladi, forma to‘ldira oladi, xarid qila oladi, hatto odamlar nomidan harakat qilishi ham mumkin.
Shu tufayli Google endi “siz robotmisiz?” emas, balki "qurilmangizga ishonish mumkinmi?” degan savolga o‘tmoqda.
Googlesiz internet ishlamay qoladimi? Yangi tizim eng ko‘p tanqid qilinayotgan nuqta ham aynan shu. Sababi QR-verifikatsiya ishlashi uchun aksar hollarda telefonda Google Play Services bo‘lishi shart.
Bu esa quyidagi foydalanuvchilar uchun muammo tug‘dirishi mumkin:
- Maxfiylikka urg‘u beruvchi Android tizimlari, jumladan, GrapheneOS, CalyxOS;
- Google servislarisiz ishlaydigan telefonlar;
- Xitoy bozori uchun chiqarilgan ayrim smartfonlar.
Cybersecurity nashrlariga ko‘ra, bunday foydalanuvchilar ayrim sayt va servislarga kira olmay qolishi mumkin.
Ayrim tanqidchilar esa bu holatni “internetga kirish uchun Googledan ruxsat olish davri boshlanmoqda”, deya baholashmoqda.
Ekspertlarning fikricha, QR orqali tasdiqlash telefon identifikatsiyasi, qurilma holati, brauzer faoliyati, foydalanuvchilarning harakatlari kabi ma’lumotlarni yanada chuqurroq yig‘ishga yordam berishi mumkin. Maxfiylik tarafdorlari esa buni “reCAPTCHAdan ham kuchliroq tracking tizimi” deb atashmoqda.
Tasavvur qiling telefoningiz yo‘q, kamerangiz ishlamayapti yoki batareya tugagan. Bunday holatda ayrim saytlar sizni inson ekaningizni tasdiqlay olmaydi. Natijada esa akkauntga kira olmaysiz, xizmatlardan foydalana olmaysiz, hatto oddiy sayt ham bloklanishi mumkin. Bu esa ochiq internet konsepsiyasiga qarshi holat sifatida baholanmoqda.
Bir tomondan botlar kamayadi, firibgarlik pasayadi, xavfsizlik oshadi. Boshqa tomondan esa Google ekotizimiga qaramlik kuchayadi.
Bugungi internet asta-sekin har kim kira oladigan ochiq maydon emas, balki tasdiqlangan qurilmalar hududiga aylanib bormoqda. Eng qizig‘i — ko‘pchilik bunga qulaylik uchun o‘zi rozilik bermoqda. Xo‘sh, siz bu borada qanday fikrdasiz? Bu qulaylikmi yo qaramlik?


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter