Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Harbiylarga har yili BHMning 100 baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi

Harbiylarga har yili BHMning 100 baravarigacha miqdorida moddiy yordam beriladi

Foto: Xabar.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjat harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomi, majburiyatlari va ijtimoiy himoyasiga oid munosabatlarni kompleks tartibga solishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, javobgarligi hamda ular va oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish mexanizmlari aniq belgilab berilmoqda.

Shuningdek, harbiy xizmatchi maqomini berish va bekor qilish tartibi, xizmat intizomi, xizmatni o‘tashning o‘ziga xos jihatlari ham hujjatda alohida mustahkamlanmoqda.

Qonun loyihasida harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Xususan, ularni moddiy ta’minlash, tibbiy xizmat, uy-joy, davlat sug‘urtasi va pensiya ta’minoti bo‘yicha kafolatlar qonun darajasida belgilanmoqda.

Hujjatga ko‘ra, xizmat vazifasini bajarish vaqtida jarohat olgan yoki halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar uchun kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish tartibi ham mustahkamlanadi.

Shu bilan birga, 20 yildan kam bo‘lmagan xizmat stajiga ega bo‘lgan va harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslarga yilda bir marta sanatoriy-kurortlarga 75 foizlik imtiyoz asosida yo‘llanma berilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, harbiy xizmatchilarga yilda bir marta BHMning 100 baravarigacha miqdorda moddiy yordam to‘lash imkoniyati ham yaratilmoqda.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring