Hind kinosining eng sirli va eng salobatli yulduzi
Hind kinosi haqida gap ketganda ko‘pchilikning xayoliga darhol Amitabh Bachchan, Dharmendra, Vinod Xanna yoki Shohrux Xon keladi. Ammo ekranda paydo bo‘lishi bilanoq tomoshabinning diqqatini o‘ziga tortadigan, ovozi, nigohi va salobati bilan butun ekranni egallab oladigan yana bir aktyor bor. U – Denni Dengzompa. Bu aktyor o‘ziga xos tashqi qiyofasi, ulkan salobati va kuchli aktyorlik mahorati tufayli yarim asrdan ortiq vaqt davomida Bollivudning eng hurmatli san’atkorlaridan biri bo‘lib kelmoqda. U 300 dan ziyod filmda rollar o‘ynagan. Denni nafaqat aktyor, balki rejissyor, ssenariynavis, prodyuser va xonanda ham.
Aslida ismi boshqa edi
Denni Dengzompa 1948-yil 25-fevralda Hindistonning Yaksom qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning haqiqiy ismi Shering Finso Dengzompa bo‘lgan. Bo‘lajak aktyor buddist oilasida ulg‘aydi. Bolaligidan ot minish, tog‘larda yurish va tabiat qo‘ynida yashashni yaxshi ko‘rardi.
Ko‘pchilik uni kelajakda harbiy bo‘ladi, deb o‘ylardi.
Yoshligida u Hindiston Qurolli Kuchlariga kirishni orzu qilgan. Ammo keyinchalik fikri o‘zgarib, kino va televideniye institutiga o‘qishga kirdi. Bu dargohda birga tahsil olgan kursdoshlari keyinchalik Bollivud afsonalariga aylangan odamlar edi. Eng qizig‘i, aynan mashhur aktrisa Jayya Bhaduri (keyinchalik Jaya Bachchan) Shering degan ismni talaffuz qilish qiyinligini aytib, unga Denni laqabini qo‘yadi. Bu laqab keyinchalik aktyorning butun dunyoga tanilgan kinodagi nomi bo‘lib qoldi.
Darvoqe, Dennining tashqi ko‘rinishi Bollivudning boshqa aktyorlaridan keskin farq qiladi. Denni tibet-mo‘g‘ul irqiga mansub bo‘lgani uchun keyinchalik kino sohasida unga ishonchsiz qaraganlar ham ko‘p bo‘ldi.
«Qasos va qonun»da rol o‘ynashi mumkin edi
Denni 1970-yillarda ekranda ko‘rina boshladi. Biroq uning yulduzi 1975-yilda chiqqan “Dhund” filmi orqali porladi. Shundan keyin rejissyorlar Dennining sovuq nigohi, kuchli ovozi va xarizmasini ko‘rib, salbiy qahramonlar roliga taklif qila boshlashdi.
Ammo Dennining yovuz qahramonlari oddiy emasdi. Uning har bir obrazida aql, ichki kuch va o‘ziga xos joziba bo‘lardi. Shuning uchun ko‘pincha tomoshabinlar film qahramonidan ko‘ra aynan Dennini eslab qolishardi.
Hind kinosi tarixidagi eng mashhur filmlardan biri – “Qasos va qonun”. Rejissyorlar dastlab shafqat bilmas bosqinchi Gabbar Singh roliga Dennini taklif qilishgan. Biroq o‘sha vaqtda u boshqa filmda suratga olish ishlari bilan bandligi bois rad etishga majbur bo‘lgan. Natijada bu rol Amjad Xonga nasib etadi va u kino tarixidagi eng mashhur yovuz qahramonlardan biriga aylandi.
Denni keyinchalik bu haqda xotirjamlik bilan: “Har bir rol o‘z egasini topadi”, degan edi.
1990-yilda chiqqan “Agnipat” filmida Denni ijro etgan Kancha China obrazi hind kinosidagi eng kuchli salbiy qahramonlardan biri hisoblanadi. Bu rol shunchalik ta’sirli chiqqanki, 2012 yilda film qayta suratga olinganda ham yangi ijrochi doimo Denni bilan taqqoslangan.
Bryus Li muxlisi va ajoyib chavandoz
Denni jang san’atlariga qattiq qiziqqan. U Bryus Lining katta muxlisi bo‘lgan. Shuningdek, professional darajada ot minishni bilgani bois ko‘plab filmlarda rollarini kaskadyorsiz o‘zi bajargan. Bu jihat uni rejissyorlar orasida yanada mashhur qilgan.
Ko‘pchilik bilmaydigan haqiqat shundaki, Denni Dengzompaning ovozi ham juda yaxshi. U nepal va hind tillarida bir nechta qo‘shiq ijro etdi. Ayniqsa, nepalcha albomlari ancha ommalashdi. Shuning uchun ayrim muxlislar Dennini aktyordan ko‘ra xonanda sifatida ham yaxshi taniydi.
Aytmoqchi, Denni bir necha tilda so‘zlasha oladi.
Shaxsiy hayotini ommadan yashiradi
Denni shaxsiy hayotini jurnalistlardan uzoq tutgan. U aktrisa Gava Denzongpa bilan turmush qurgan. Ularning ikki farzandi bor.
Denni Bollivuddagi eng kam gapiradigan, janjallardan uzoq yuradigan aktyorlardan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik uni “eng sirli yulduz” deb ham ataydi.
Yarim asrdan ziyod davom etgan ijodiy faoliyati mobaynida Denni o‘nlab nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘ldi. 2003-yilda Hindiston hukumati uni mamlakatning yuksak fuqarolik mukofotlaridan biri – Padma Shri ordeni bilan taqdirladi. Bu Denni Dengzompaning kino san’atiga qo‘shgan ulkan hissasining e’tirofi edi.
Akbar Anvarov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter