Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq yopilishi 2008 yil darajasidagi inqiroz xavfini oshiradi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq yopilishi 2008 yil darajasidagi inqiroz xavfini oshiradi

Foto: Bloomberg

Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi avgust oyigacha yopiq qolsa, bu 2008-yildagi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi ko‘lamiga yaqin iqtisodiy pasayish xavfini oshiradi. Bu haqda «Rapidan Energy Group» tahliliga tayanib, «Bloomberg» yozmoqda.

Kompaniya dengiz yo‘li iyul oyida qayta ochilishini taxmin qilmoqda. Bu holatda neftga bo‘lgan global talab kuniga o‘rtacha 2,6 million barrelga kamayadi va yoz davomida Brent markali etalon neftning bozordagi narxi bir barrel uchun qariyb 130 dollargacha ko‘tariladi.

Biroq, agar uzilish bundan ham uzoq davom etsa, avgust va sentabr oylaridagi ta’minotdagi kamchilikni qoplash uchun talabni yanada keskin pasaytirishga to‘g‘ri keladi. Bir nechta yirik prognoz markazlari bu yil dunyo bo‘yicha neft xaridi kamdan-kam uchraydigan darajada qisqarishini kutmoqda.

Neft narxlari fevral oxiridan beri deyarli ikki barobar oshdi.

«Joriy makroiqtisodiy vaziyat 1970-yillar yoki 2007–2008-yillardagidek keskin emas», — deyiladi «Rapidan» tahlilchilari hisobotida. Ular bunga iqtisodiyotlarning neftga kamroq bog‘liqligi va pul-kredit siyosati tizimlarining ishonchliroq ekanini sabab sifatida keltirgan.

«Ammo nisbatan mustahkam boshlang‘ich holat ham neft narxlarining davomli keskin o‘sishi moliyaviy va makroiqtisodiy zaifliklarni kuchaytirishi xavfini bartaraf etmaydi», — deyiladi hisobotda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, agar ochilish avgustgacha kechiksa, uchinchi chorakdagi ta’minot tanqisligi kuniga taxminan 6 million barrelgacha yetadi. Bu ayni zaxiralar xavfli darajada kamayib qolgan paytga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, transport qatnovi avgust boshida tiklangan taqdirda ham, bozorlar yengillik sezguncha vaziyat tarangligicha qoladi. Chunki neft zaxiralari sentabr oyigacha kamayishda davom etadi, Arab ko‘rfazi davlatlarida ishlab chiqarish asta-sekin tiklanib, yuklar manzillarga yetib bora boshlaguncha biroz vaqt kerak bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring