Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi – Oq uy

Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi – Oq uy

Isroil, Livan va AQSh o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Oq uy tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda ma’lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, kelishuvning amal qilishi «Hizbulloh» harakatining ham hujumlarni to‘liq to‘xtatishiga bog‘liq. Shuningdek, guruh janubiy Livandagi Litani daryosining janubiy qismida joylashgan kuchlarini hududdan chiqarishi kerakligi qayd etilgan.

Bayonotda Isroil va Livan bir-biriga nisbatan dushmanlik niyati yo‘qligini tasdiqlagani hamda o‘zaro ishonchni mustahkamlash, hal etilmagan masalalarni muhokama qilish va keng qamrovli kelishuv ustida ishlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni davom ettirishga kelishib olgani ta’kidlangan.

Ayni paytda «Hizbulloh» mazkur shartlarni qabul qilgan-qilmagani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Biroq AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq harakatning yuqori lavozimli vakillari bilan muloqot qilganini va ular Isroilga qarshi o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik bildirganini aytgan edi.

Kelishuv haqidagi xabar e’lon qilingach, jahon neft bozorida ham ma’lum o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, AQSh nefti narxi 0,8 foizga arzonlashib, bir barreli 95,23 dollarga tushgan bo‘lsa, Brent markali neft 0,7 foizga pasayib, 97,10 dollardan sotilgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv Yaqin Sharqdagi keskinlikni yumshatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Biroq so‘nggi kunlarda Isroilning Livan hududiga bergan zarbalari va Eron bilan AQSh o‘rtasidagi ziddiyatlar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Isroilning Livandagi harbiy harakatlari ortidan Eron Vashington bilan olib borilayotgan muzokaralarni to‘xtatishini bildirgan. Shu vajdan Tramp Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qilib, harbiy harakatlarni kamaytirishga chaqirgan.

Shu bilan birga, AQSh va Eron o‘rtasida ham so‘nggi kunlarda bir necha harbiy to‘qnashuvlar qayd etildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eron tomonidan uchirilgan ayrim raketa va dronlar yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Eron esa o‘z navbatida AQSh harbiy obyektlariga zarbalar berganini iddao qilmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, Isroil–Livan kelishuvining taqdiri ko‘p jihatdan «Hizbulloh»ning rasmiy pozitsiyasi va mintaqadagi boshqa tomonlarning keyingi qadamlariga bog‘liq bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring