Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroilning «nozik nuqtasi» topildi

Isroilning «nozik nuqtasi» topildi

Foto: Getty Images

AQShning bir guruh kongressmenlari prezident Donald Tramp ma’muriyatini Isroil yadro quroliga ega ekanini rasman tan olishga chaqirdi.

Demokratik partiya vakillari tomonidan ilgari surilgan bu talab misli ko‘rilmagan hodisa deb baholanmoqda. Negaki, Vashington qariyb 60 yildan beri yahudiy davlati ommaviy qirg‘in quroli borasida sukut saqlab kelmoqda.

Davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llangan maktubda demokratlar AQSh va Isroil Eronga qarshi urushayotgan bir pallada yahudiy davlatining yadro quroli borasida noaniqlik qaltis vaziyatni yanada kuchaytirayotgani qayd etilgan. 

«Kongressning konstitutsiyaviy majburiyati Yaqin Sharqdagi yadroviy muvozanat, ziddiyat tomonlarining beqarorlikni keltirib chiqarish tahdidi va bu kabi holatlarda ma’muriyatning (AQSh hukumati nazarda tutilmoqda – tahr.) rejalaridan to‘laqonli xabardor bo‘lishdan iboratdir. Biz ana shunday (to‘laqonli) axborotni olmadik deb hisoblaymiz. Mojaro tomonlaridan birining yadroviy imkoniyatlariga nisbatan qo‘llanayotgan rasmiy mavhumlik siyosati Yaqin Sharqda qurollarni tarqatmaslik siyosatini izchil yuritishni imkonsiz qilib qo‘ymoqda. Bu Eron, Saudiya Arabistoni va mintaqadagi o‘z qarorlarini qo‘shnilarining imkoniyatlari haqidagi tasavvurlariga tayanib qabul qiladigan har qanday boshqa davlatga tegishlidir», – deyiladi Kongressning 30 nafar a’zosi imzolagan maktubda. 

Siyosatdonlar ayni paytda Isroil yadro quroli borasida qanday imkoniyatga ega ekani, uranni boyitish qay darajada ekani, Eron bilan urush fonida ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llamaslik borasida qizil chiziq belgilangan yoki belgilanmaganini savol ostiga olishgan. 

«Ma’muriyat Isroildan yadroviy qurol qo‘llanmasligi borasida biror bir kafolat olganmi? Eron bilan bo‘lgan yaqindagi mojaro yoki boshqa ixtiloflar paytida Isroil yadroviy quroldan foydalanishni yoki uni jangovar holatga keltirishni rejalashtirayotganiga oid biror alomat ko‘rindimi?» – deya savol qo‘yilgan murojaatda.

Demokratlar fikricha, AQSh hukumati Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreyaning yadro quroliga ega ekanini ochiq tan oladi.  

«Biz Isroilga nisbatan ham boshqa istalgan davlatga qo‘llanadigan standartlar tatbiq etilishi hamda Amerika hukumati uning ehtimoliy yadroviy salohiyati haqida – u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin – ochiq gapirishini talab qilamiz», – deb yozadi maktub mualliflari.

Isroil 1960-yillardan buyon yadro quroliga ega bo‘lsa-da, bu borada mavhum siyosat yuritib keladi, ya’ni bunday qurolga ega ekanini rasman tan olmaydi, zaxiralarini ochiqlamaydi.

The New York Times gazetasi 1973-yildayoq Isroil 10 yoki 20 dona yadro kallagiga ega bo‘lgani haqida yozgan.

1980-yillarda Isroil yadro dasturida qatnashgan olim Mordexay Vanunu mamlakatdan qochib ketgan va ingliz matbuotiga yahudiy davlatining maxfiy dasturi haqida intervyu bergan. Keyinroq davlatga xiyonatda ayblanib uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan olim Isroil tasarrufidagi ommaviy qirg‘in quroli haqida shov-shuvli ma’lumotlarni oshkor etgan.

Hujjatlarga ko‘ra, 1968-yilda Markaziy razvedka boshqarmasi AQSh prezidenti Lindon Jonsonni Isroil yadro quroli ishlab chiqarganidan voqif qilgan. Keyingi prezident Richard Nikson 1969-yilda Isroil bosh vaziri Golda Meir bilan erishgan kelishuvga ko‘ra, Isroil o‘z yadroviy arsenalini tan olmaslik va sinovdan o‘tkazmaslikka rozilik bildirgan. Buning evaziga Vashington nazorat masalalarida bosim o‘tkazishni to‘xtatish majburiyatini olgan. 

G.Meir R.Nikson bilan kelishuvga erishgan uchrashuv. Oq uy, 1969-yil. Foto: AP

Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisob-kitobiga ko‘ra, 2025-yil yanvar oyida Isroil taxminan 90 dona yadro kallagiga ega edi.

Nuclear Threat Initiative tashkiloti xulosasiga qaraganda, Isroil ushbu kallaklarni ishga tushiradigan oltita suvosti kemasi va ommaviy qirg‘in qurolini 4800-6500 km masofaga tashiy oladigan ballistik raketalarga ega. 

Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro tashabbus (ICAN) hisobotida ham Isroil ommaviy qirg‘in quroliga to‘qqiz davlatdan biri (AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Pokiston va Shimoliy Koreya) sifatida qayd etilgan.

AQShning ko‘p sonli qonun chiqaruvchilari Oq uy ma’muriyatiga Isroil yadro quroli borasida murojaat yo‘llayotgani mamlakatda siyosiy kayfiyat o‘zgarayotgani, Vashingtonning Tel-Avivni hech qanday shartlarsiz qo‘llab-quvvatlash siyosatiga nisbatan norozilik oshib borayotgani belgisidir. 

The Washington Post gazetasi Midlberi xalqaro tadqiqotlar instituti professori Avner Koenga tayanib yozishicha, Isroil yadro quroli jamoatchilik ishtirokida muhokamaga qo‘yilayotgani AQShdagi ikki yirik partiya (respublikachilar va demokratlar) qabul qilingan oshkor etmaslik maromining buzilganini anglatadi.

Joriy yil 28-fevral kuni Isroil Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda Eronga qarshi keng ko‘lamli urush ochdi, ammo ko‘zlagan maqsadiga erisha olmadi, ya’ni Islom respublikasi rejimini yiqitolmadi.

Yahudiy davlati fors davlatini ko‘p yillardan buyon yadro quroli yaratishga urinishda ayblab keladi. Qishning so‘nggi kunida xalqaro huquqni poymol etgan holda boshlangan urushda ham Tel-Aviv ayni shu da’voni ilgari surdi.  

Isroil bosh vaziri B.Netanyahu Eron yadroviy tahdidi haqida navbatdagi ma’ruza bilan. BMT, 2012-yil. Foto: Reuters

Urushdagi muvaffaqiyatsizlik ortidan Isroil Eronga qarshi taktik yadro qurolini ishlatishi mumkinligi haqida taxminlar yangramoqda. 

AQSh kongressmenlari Oq uy ma’muriyati oldiga keskin talab qo‘yayotgani bejiz emas. 2023-yil noyabr oyida Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu G‘azo sektoriga ommaviy qirg‘in quroli sanalgan atom bombasini qo‘llashni ehtimoliy variant sifatida taklif qilgan edi.

O‘shanda mazkur bayonotga munosabat bildirgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Xalqaro atom energetikasi bo‘yicha agentlikni «G‘arbning erkatoy bolasi» – Isroilda yadroviy bomba bor-yo‘qligini taftish etishga undagan edi.

2024-yilda amerikalik senator Lindsi Grem AQSh Yaponiya hududiga yadro quroli bilan hamla qilganini oqlar ekan, Isroil ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerakligi, ya’ni G‘azo sektoriga atom bombasi tashlash orqali urushga yakun yasashi lozimligini aytgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring