Korrupsiyaga qarshi kurashish: Xalq banki 85 ball to‘plab “Yaxshi” toifaga kiritildi
Xalq banki Bosh ofisida “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Ochiq eshiklar” kuni o‘tkazildi. Soha xodimlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqshunoslar, jurnalist va blogerlar, Toshkent davlat iqtisodiyoti universiteti talabalari qatnashgan ushbu tadbirda Xalq bankida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
“Joriy yilning 11 oyida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan 697 nafar yangi ishga qabul qilinayotgan va boshqa lavozimga o‘tkazilayotganda nomzodlar o‘rganib, tegishli xulosalar berildi, — deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi Azamat Ergashev.
Ma’lumot berilishcha, bankning 7 172 nafar xodimlaridan manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha yillik deklaratsiya olingan va aniqlangan potensial va to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.
“Bank xodimlari, shu jumladan, bankning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlari muntazam o‘qitib kelinmoqda, — deydi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi prokurori Temur Safarov. — Ayniqsa chekka qishloqlarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaslik uchun, kadrlarni muntazam o‘qitish juda zarur. Joriy yilda 533 nafar bank xodimlari, shu jumladan, 102 nafar korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi xodimlari maxsus kurslarda o‘qitildi”.
Xabaringiz bor, 2024-yilda Xalq bankining korrupsiyaga qarshi menejment tizimi ISO 37001:2016 xalqaro standartining muvofiqlik sertifikatini qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda bankning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi qayta tashqi auditdan o‘tkazilib, muvofiqlik sertifikati muvaffaqiyatli himoya qilindi. Davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligining 2024-yil yakunlari bo‘yicha Xalq banki 85 ball to‘plab “Yaxshi” toifaga kiritildi.
Tadbir so‘ngida soha xodimlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ham javob berishdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter