Qirg‘izistonda Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi
Qirg‘izistonda korrupsiyaga oid yirik ish doirasida yana bir yuqori lavozimda ishlagan shaxs qo‘lga olindi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Jogorku Keneshning sobiq deputati Shairbek Tashiyev korrupsiya aybi bilan hibsga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u «Qirg‘izneftegaz» davlat kompaniyasida sodir etilgan yirik moliyaviy qonunbuzarliklar bo‘yicha jinoyat ishi doirasida gumonlanmoqda. Ushbu ish Davlat soliq xizmati tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida ochilgan bo‘lib, 2021–2025-yillar davomida kompaniyada keng ko‘lamli o‘zlashtirish holatlari aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, turli «soyadagi» vositachilik sxemalari va xomashyoni shubhali tarzda hisobdan chiqarish orqali davlat kompaniyasiga 4 milliard somdan ortiq zarar yetkazilgan. Tergov materiallarida moliyaviy oqimlarning uchta alohida kanal orqali xususiy tuzilmalarga chiqarilgani qayd etilgan. Bu tuzilmalar esa sobiq maxsus xizmatlar rahbariyatiga yaqin shaxslar bilan bog‘liq ekani taxmin qilinmoqda.
Hozirda Shairbek Tashiyev Bishkek shahri ichki ishlar boshqarmasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. U Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Kamchibek Tashiyevning ukasi hisoblanadi.
Avvalroq ushbu ish doirasida bir qator yuqori lavozimli shaxslar ham javobgarlikka tortilgan edi. Jumladan, «Qirg‘izneftegaz» kompaniyasining sobiq rahbarlari va ularga aloqador xususiy firmalar vakillari qamoqqa olingan. Shuningdek, Qirg‘iziston Milliy bankining sobiq rahbari Melis Turgunbayev ham dastlab hibsga olingan, ammo keyinchalik sud qarori bilan uy qamog‘iga o‘tkazilgan.
Bu ish Qirg‘izistonda davlat kompaniyalari faoliyatidagi korrupsiya va moliyaviy shaffoflik masalalari yanada dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter