Kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz va oy ma’lum qilindi
2026-yil avgust oyi jahon harorat rekordini yangiladi. Sayyoramizdagi o‘rtacha havo harorati Selsiy bo‘yicha 16,96 darajani tashkil etdi — ya’ni 2023-yil iyul oyida o‘rnatilgan avvalgi rekorddan 0,01 darajaga yuqori. Bu haqda Yevropaning Copernicus iqlim monitoringi xizmati xabar berdi.
Yer yuzidagi o‘rtacha havo harorati taxminan Selsiy bo‘yicha 14 darajani tashkil etadi. Uning o‘sishi, eng avvalo, qazib olinadigan yoqilg‘ining yoqilishi oqibatida yuzaga kelgan iqlim antropogen o‘zgarishi bilan bog‘lanadi. Iqlim isishi bir tekisda kechmayapti: ayrim oylar bir yil o‘ta issiq, boshqa bir yilda esa nisbatan salqinroq bo‘lishi mumkin.
2026-yilning yozi — iyundan avgustgacha bo‘lgan davr — 2024-yilgi rekordni yangilab, kuzatuvlar tarixidagi eng issiq fasl bo‘ldi.
Avgust oyida havoning o‘rtacha harorati 1850–1900-yillardagi sanoatgacha davrning taxminiy darajasidan 1,65 daraja yuqori bo‘ldi. Bu 2025-yilning noyabr oyidan keyin ushbu darajadan ortish 1,5 darajadan ko‘proqni tashkil etgan birinchi oydir.
Rekord darajadagi issiqlik okeanda ham qayd etildi. 22-avgust kuni Dunyo okeanining qutbdan tashqari hududlarida suv yuzasining kunlik o‘rtacha harorati Selsiy bo‘yicha 21,11 darajaga yetdi. Avvalgi maksimum 2024-yilning mart oyida kuzatilgandi.
Bu yil okean haroratiga Tinch okeanining tropik qismi sharqida shakllangan kuchli El-Nino hodisasi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Prognozlarga ko‘ra, uning eng yuqori cho‘qqisi avgust — oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilda yoz ayniqsa G‘arbiy Yevropada juda issiq keldi. Bu yerda o‘rtacha harorat 1991–2020-yillardagi ko‘rsatkichdan 2,54 darajaga oshib ketdi. 2003-yildagi avvalgi rekord +1,98 darajani tashkil etgan edi.
Yevropada issiqlik to‘lqinlari may oyidan boshlanib, avgustgacha davom etdi. Fransiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Ruminiya va Serbiya kuchli qurg‘oqchilikdan aziyat chekdi. Xususan, Reyn, Dunay va Dnepr daryolarida suv sathi keskin pasayib ketdi. Issiqlik va qurg‘oqchilik tandemi o‘rmon yong‘inlarini keskin ko‘paytirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter