Alimentni ota-onaning maoshiga emas, bolaning ehtiyojiga qarab belgilash taklif qilindi
O‘zbekistonda aliment miqdorini hisoblash tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Bu haqda Senatning 19-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda aliment to‘lashdan qochish yoki uning miqdorini kamaytirish maqsadida ayrim shaxslar haqiqiy daromadini yashirib, o‘zini minimal maoshli ish joyiga rasmiylashtirayotgan holatlar kuzatilmoqda. Natijada aliment miqdori bolaning real ehtiyojlarini qoplash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Shu munosabat bilan har bir bolaning yosh toifasi bo‘yicha minimal iste’mol savatini belgilash taklif qilinmoqda. Yangi yondashuvga ko‘ra, aliment miqdorini belgilashda faqat ota yoki onaning rasmiy maoshi va daromadi emas, balki bolaning yashashi, oziq-ovqati va boshqa zarur ehtiyojlarini ta’minlash uchun talab etiladigan minimal xarajatlar asos qilib olinishi mumkin.
Kattaxonova bu o‘zgarish bolaning moddiy ta’minotini mustahkamlash va kafolatlashga qaratilganini ta’kidladi.
Shuningdek, aliment undirish jarayoniga doir yana bir taklif bildirildi. Unga ko‘ra, hozir Majburiy ijro byurosi amalga oshirayotgan aliment undirish bilan bog‘liq ayrim jarayonlarni xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkin.
Qo‘mita mazkur takliflarni qonunchilikka kiritishni rejalashtirmoqda. Hozircha bu normalar qabul qilingani yo‘q — ular taklif sifatida bildirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter