Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda – bu haqda avvalroq Zelenskiy gapirgandi

Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda – bu haqda avvalroq  Zelenskiy gapirgandi

Foto: TASS

Joriy yil 5-9-may kunlari Moskvada mobil internet va SMS yuborish xizmati cheklanadi. Uyali aloqa operatorlari bu holatni G‘alaba bayrami kunlarida xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohlagan

Bayram kunlarida «oq ro‘yxat»ga kiritilgan va odatda cheklanmaydigan resurslar faoliyatiga ham taqiq qo‘yilishi kutilmoqda. Cheklov choralari nafaqat poytaxt markazi, shuningdek, Moskva avtomobil halqa yo‘li hududida amal qiladi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Moskvada G‘alaba bayrami munosabati bilan kuchaytirilgan chora-tadbirlarga munosabat bildirgan va ukrain dronlari Rossiya poytaxtiga yetib borishidan ogohlantirgan edi.

«Rossiya 9-may kuni parad o‘tkazishini e’lon qildi, lekin bu yil paradda harbiy texnika qatnashmaydi. Bu gap rost bo‘lsa, ko‘p yillardan beri ilk marta ular paradda qurollarini namoyish etishga jur’at qila olishmaydi. Paradga ukrain dronlari ham uchib borishi mumkin. Bu hol ular avvalgidek kuchli emasligini ko‘rsatadi», – degan edi Zelenskiy.

Rossiya 9-may – G‘alaba kunini nafaqat urushda qozonilgan zafar, balki zamonaviy geosiyosiy maqsad va mo‘ljallarining namoyishi sifatida alohida tartibda nishonlab keladi.

Ammo an’anaviy parad bu gal uzoq yillardan buyon ilk bor harbiy texnikasiz o‘tkaziladi. Rossiya mudofaa vazirligi buni «operativ holat» bilan izohlagan. Kreml esa «terrorchilik tahdidi» haqida gapirgan.

Nijniy Novgorod, Saratov, Chuvashiston, Kaluga kabi hududlarda harbiy parad bekor qilingan. Sankt-Peterburgda esa G‘alaba kuni ixchamroq tarzda bayram qilinadi.

Aprel oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan suhbatda 9-may kuni Ukraina bilan sulh e’lon qilishga tayyorligini aytgandi. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Tramp bu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlagan

Rossiya tomoni sulh tartibi 8-9-may kunlari amal qilishini ma’lum qilgan.

Ushbu tashabbusga munosabat bildirgan Zelenskiy 5-maydan sukunat rejimini joriy qilishni taklif etgan.

«Biz insonlarning hayoti qandaydir sanani «bayram qilish»dan ko‘ra qadrliroq deb bilamiz. Shu munosabat bilan 5 may soat 00:00 dan boshlab sukunat tartibini e’lon qilamiz», – degan Ukraina rahbari.

Tahlilchilar fikricha, bu yil Rossiya hukumati parad orqali «mushaklarini ko‘rsatish» imkonidan mahrum.

Avval xabar berganimizdek, ehtimoliy tahdidlarning ortishi fonida prezident Putinni qo‘riqlashga qaratilgan choralar sezilarli darajada kuchaytirilgan. Rossiya rahbari asosiy vaqtini bunkerda o‘tkazayotgani, Putin va uning oilasi Moskva viloyati hamda Valdaydagi odatiy turarjoylariga tashrif buyurishni to‘xtatgani aytilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring