«Isroil o‘g‘irlangan donlarni sotib olyapti»: Ukraina va YeI Isroilga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi
Isroil portida Ukrainaga tegishli don atrofida yuzaga kelgan bahs xalqaro miqyosda yangi siyosiy va iqtisodiy tortishuvga aylanmoqda. Yevropa Ittifoqi, Ukraina va Isroil o‘rtasidagi pozitsiyalar farqi bu masalani yanada murakkablashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Isroilning Hayfa portiga yana bir kema don bilan kirib kelgan. Ukraina tomoni bu don Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlardan olib chiqilganini da’vo qilmoqda. Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ushbu holatni keskin tanqid qilib, bunday savdo ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazmasligi kerakligini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bu masalaga munosabat bildirib, «o‘g‘irlangan mahsulotni sotib olish har qanday mamlakatda jinoyat hisoblanadi», deya bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bunday operatsiyalarga aloqador bo‘lgan shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda.
Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya okkupatsiya qilingan hududlarda yetishtirilgan donni tashqi bozorlarga o‘z mahsuloti sifatida chiqarmoqda. Bu jarayonda «kemadan-kemaga» sxemasi qo‘llanilib, yukning haqiqiy kelib chiqish manbasi yashirilayotgani ta’kidlanadi. Kiyev baholashicha, 2025 yilning o‘zida shunday usullar orqali 2 million tonnadan ortiq don eksport qilingan bo‘lishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi ham ushbu holatga munosabat bildirib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan uchinchi davlatlar kompaniyalariga nisbatan cheklovlar joriy etilishi mumkinligini bildirdi. YeI tashqi siyosat xizmati vakili Anuar El-Anuni Rossiyaning «soya floti» orqali amalga oshirilayotgan bunday operatsiyalarni qoralab, zarur hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, Bryussel bu masala yuzasidan Isroil tomoniga ham murojaat qilgan.
Isroil esa ayblovlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Gideon Saar mazkur kema portga kirmagani va tegishli hujjatlar taqdim etilmagani sababli ayblovlarni tekshirish imkoni bo‘lmaganini bildirdi. U, shuningdek, Ukraina tomonini masalani diplomatik kanallar orqali emas, balki ommaviy axborot vositalari orqali ko‘targani uchun tanqid qildi.
Isroil parlamenti qo‘mitasi raisi, Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Voldiger esa Rossiya-Ukraina urushi avvalida mamlakat ukrainlarga harbiy anjomlar (o‘q-dorilar, kaskalar), erta ogohlantirish tizimlari hamda tibbiy infratuzilma (shifoxonalar) yetkazib berganini, endi esa «Ukraina Isroilga qarshi sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilayotgani»ni aytib, Kiyevni noshukurlikda ayblaydi.
Shu tariqa, «o‘g‘irlangan don» atrofidagi mojaro faqat savdo yoki logistika masalasi bo‘lib qolmay, balki kengroq geosiyosiy va huquqiy bahsga aylanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter