Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida noqonuniy dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqida Telegramdagi "XAVFSIZLIK" kanali xabar qildi.

Xususan, biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan sex ko‘zdan kechirildi.

Natijada, unda mavjud bo‘lgan 1,2 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138031 quti dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar, 1,8 mlrd so‘mlik prekursorlar, 3,4 mlrd so‘mlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 mlrd so‘mlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 mlrd so‘mlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – ya’ni, umumiy qiymati o‘rtacha 30 mlrd so‘mni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, MChJ faqatgina biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uchun sertifikat olgan bo‘lishiga qaramasdan, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini o‘zgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.

Jumladan, “Pikovit” dorisi – Pivovit, “Kanefron” – Kanaseron, “Espumizan” – Espumetik, “Nistatin” – Nestitam ko‘rinishida ishlab chiqarilgan.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalari Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.

Hozirda qalbaki dori vositalari bo‘yicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, dori vositalarini tegishli tartib va me’yorlarga amal qilmagan holda ishlab chiqarish va sotish – uni iste’mol qilgan insonning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yish qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring