O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha ekani ma’lum bo‘ldi
2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 mln 47 ming 321 nafarni tashkil etgan.
Jami aholining 19 mln 766 ming 166 nafari erkaklar, 19 mln 281 ming 155 nafari esa ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu umumiy aholi tarkibida erkaklar ulushi 50,6 foiz, ayollar ulushi esa 49,4 foizni tashkil etganini ko‘rsatadi.
Yosh tarkibi bo‘yicha eng katta guruh 0–4 yoshdagilar bo‘lib, ularning soni 4 mln 607 ming 149 nafarga yetgan. Keyingi o‘rinlarda 5–9 yosh toifasi — 3 mln 859 ming 606 nafar va 10–14 yosh toifasi — 3 mln 406 ming 515 nafar qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan aholi soni 20 mln 340 ming 585 nafarni tashkil etgan. Bu mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘ini yoshlar tashkil etayotganini anglatadi.
30–34 yosh toifasida 3 mln 167 ming 974 nafar, 35–39 yoshda 3 mln 90 ming 226 nafar aholi ro‘yxatga olingan. 40–44 yosh guruhida esa 2 mln 687 ming 261 nafar fuqaro istiqomat qilishi qayd etilgan.
Yosh ortib borishi bilan aholi soni bosqichma-bosqich kamayib boradi. Xususan, 70–74 yoshdagilar 669 ming 46 nafar, 75–79 yoshdagilar 342 ming 554 nafar, 85 yosh va undan kattalar esa 168 ming 973 nafarni tashkil etgan.
Yosh guruhlari kesimida kichik yoshlarda erkaklar ulushi yuqoriroq ekani kuzatilgan. Masalan, 0–4 yosh toifasida erkaklar ulushi 51,7 foiz, ayollar ulushi 48,3 foizni tashkil etgan.
Katta yosh guruhlarida esa aksincha, ayollar ulushi oshib boradi. Masalan, 65–69 yosh toifasida ayollar ulushi 53 foiz, 75–79 yoshdagilar orasida 54,1 foiz, 85 yosh va undan kattalarda esa 51,4 foizni tashkil etgan.
Ma’lumot uchun, BMTning «World Population Prospects 2024» ma’lumotlariga ko‘ra, eng yosh aholiga ega davlatlar qatorida Niger, Uganda, Chad, Mali va Somali yetakchilik qiladi, bu mamlakatlarda 30 yoshgacha bo‘lganlar aholining 70 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Shuningdek, Angola, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Nigeriya, Afg‘oniston, Pokiston, Iroq va Misrda ham 30 yoshgacha bo‘lgan aholi ulushi 50 foizdan yuqori. Bu mazkur mamlakatlarda tug‘ilish darajasining yuqoriligi va aholining o‘rtacha yoshi nisbatan past ekani bilan izohlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter