O‘zbekiston yana bir xalqaro konvensiyaga qo‘shilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «Birlashgan Millatlar Tashkilotining mediatsiya natijasida erishilgan xalqaro kelishuv bitimlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan O‘zbekistonning «Mediatsiya bo‘yicha Singapur konvensiyasi»ga qo‘shilishi nazarda tutilmoqda. Konvensiya xalqaro tijoriy nizolar bo‘yicha mediatsiya orqali erishilgan kelishuvlarni ishtirokchi davlatlarda tan olish va ijro etishning yagona huquqiy mexanizmlarini belgilaydi.
Loyihada qayd etilishicha, agar O‘zbekiston tadbirkori xorijiy hamkori bilan nizoni mediatsiya orqali hal qilib, kelishuvga erishsa, mazkur kelishuvni Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan boshqa davlatda ijro etish tartibi ancha yengillashadi.
Qonun loyihasida Konvensiyani qo‘llash bilan bog‘liq ayrim shartlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi, davlat organi yoki davlat organi nomidan harakat qiluvchi shaxs taraf bo‘lgan kelishuvlarga Konvensiya qoidalarini tatbiq etmaslik taklif etilmoqda.
Shuningdek, Konvensiya faqat kelishuv taraflari uni o‘zaro munosabatlariga nisbatan qo‘llashga rozilik bildirgan taqdirdagina amal qilishi belgilanmoqda.
Majlisda ta’kidlanishicha, Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatda mediatsiya institutini rivojlantirish, xalqaro tijoriy nizolarni qisqa muddat va kam xarajat bilan hal etish, tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter