O‘zbekistonda ham hokimlar xalq tomonidan saylanishi mumkin
O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlarini saylash tizimini joriy etish masalasi kun tartibiga chiqdi.
Bu haqda Prezident farmoni loyihasi bilan tasdiqlanishi rejalashtirilayotgan «Davlat boshqaruvini 2030 yilgacha nomarkazlashtirish strategiyasi»da so‘z boradi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, kelgusi yillarda davlat boshqaruvidagi vakolatlarni markazdan hududlarga o‘tkazish, mahalliy rahbarlarning mas’uliyati va mustaqilligini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshiriladi. Shu doirada tuman va shahar hokimlarini saylash mexanizmini to‘liq ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan.
Hozirda O‘zbekistonda tuman va shahar hokimlari yuqori turuvchi hokimlar tavsiyasi asosida Prezident tomonidan tayinlanadi. Yangi strategiya esa mahalliy boshqaruv tizimida aholi ishtirokini kuchaytirish va hudud rahbarlarining xalq oldidagi hisobdorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.
Loyihada, shuningdek, respublika darajasidagi 250 ta funksiya va vakolatni hududlarga o‘tkazish, mahalliy budjetlar mustaqilligini kengaytirish hamda davlat boshqaruvida jamoatchilik ishtirokini oshirish vazifalari ham nazarda tutilgan.
Hujjat hozircha jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan bo‘lib, taklif va mulohazalar asosida takomillashtirilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter