O‘zbekistonda yangi nikohlar kamayib, ajrimlar soni ortmoqda
O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–mart oylarida qayd etilgan nikohlar soni 42,3 ming birlikni tashkil etdi. Har ming aholiga nisbatan nikoh koeffitsiyenti 4,5 promille bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,5 mingtaga kamaygan.
Shu bilan birga, nikohdan ajralishlar soni 12,7 ming birlikka yetdi. Ajralish koeffitsiyenti har ming aholiga 1,3 promille bo‘ldi. Bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 mingtaga ko‘p degani.
So‘nggi yillar dinamikasi ham shunga o‘xshash tendensiyani ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2022-yilda nikohlar 57,9 ming bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 49,5 ming, 2024-yilda 48,6 ming va 2025-yilda 43,8 mingga tushgan. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkich 42,3 mingni tashkil etdi.
2026-yilda qayd etilgan nikohlarning 20,2 mingtasi yoki 47,7 foizi shahar joylarga to‘g‘ri keladi. Qishloq joylarda esa 22,1 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lib, bu 52,3 foizni tashkil etadi.
Ajralishlar bo‘yicha esa aksincha holat kuzatilmoqda. Jami 12,7 ming ajralishning 7,6 mingtasi yoki 59,4 foizi shaharlarda qayd etilgan. Qishloq joylarda bu ko‘rsatkich 5,1 mingta yoki 40,6 foizni tashkil qildi.
So‘nggi yillarda nikohlar soni izchil kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Ayni paytda ajralishlar sonida ma’lum darajada o‘sish bor. Masalan, 2022-yilda ajralishlar 12,2 ming bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 13,0 ming, 2024- va 2025-yillarda 11,5 ming atrofida bo‘lgan, 2026-yilda esa 12,7 mingga yetgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter