O‘zbekistondan ko‘chib ketganlar soni ma’lum qilindi
2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston bo‘yicha jami 185 ming 570 nafar kishi doimiy yashash joyini o‘zgartirib, boshqa hududlarga yoki mamlakatga ko‘chib kelgan. Shu bilan birga, ushbu davrda 189 ming 343 nafar fuqaro boshqa hududlarga yoki xorijga ko‘chib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chib kelganlarning 183 ming 921 nafari respublika ichidagi ichki migratsiya hisobiga to‘g‘ri kelgan. Xorijiy davlatlardan doimiy yashash uchun kelganlar soni esa 1 ming 649 nafarni tashkil etgan.
Ko‘chib ketganlarning 183 ming 921 nafari mamlakat ichidagi boshqa hududlarga joylashgan bo‘lsa, 5 ming 422 nafar fuqaro xorijiy davlatlarga ko‘chib ketgan.
Hisobotga ko‘ra, eng ko‘p ko‘chib kelganlar Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtga olti oyda 64 ming 500 nafar kelgan bo‘lib, shundan 1 ming 89 nafari xorijiy davlatlardan ko‘chib kelgan.
Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 27 ming 131 nafar, Farg‘ona viloyati 10 ming 671 nafar va Samarqand viloyati 10 ming 264 nafar ko‘chib keluvchi bilan qayd etilgan.
Ko‘chib ketish holatlari bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qildi. Poytaxtdan 50 ming 355 nafar ko‘chib ketgan bo‘lib, ularning 492 nafari xorijga chiqqan. Shuningdek, Toshkent viloyatidan 18 ming 878 nafar, Qashqadaryo viloyatidan 14 ming 431 nafar va Samarqand viloyatidan 13 ming 215 nafar boshqa hududlarga yoki xorijga ko‘chib ketgan.
So‘nggi besh yilda xorijga ko‘chib ketuvchilar soni doimiy ravishda xorijdan ko‘chib keluvchilardan yuqori bo‘lib qolmoqda. 2023-yilda xorijga ko‘chib ketish eng yuqori — 9 ming 4 nafarga yetgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter