Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zgidromet RES-2026 sammiti doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamladi

O‘zgidromet RES-2026 sammiti doirasida xalqaro hamkorlikni mustahkamladi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi vakillari direktor Sherzod Habibullayev rahbarligida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi konferensiyasi hamda Mintaqaviy ekologik sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlarda ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida Sh. Habibullayev «Markaziy Osiyoda erta ogohlantirish tizimlari: mintaqaviy hamkorlikdan barqaror kelajak sari» mavzusidagi panel sessiyada ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida O‘zbekistonda gidrometeorologik kuzatuv tizimini rivojlantirish, monitoring tarmog‘ini modernizatsiya qilish, avtomatik stansiyalarni keng joriy etish, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish va prognozlar aniqligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sammit doirasida O‘zgidromet delegatsiyasi bir qator muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Jahon meteorologiya tashkiloti rahbariyati bilan gidrometeorologik tarmoqni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Hindiston, Xitoy, Rossiya va Turkiya gidrometeorologiya xizmatlari bilan ma’lumot almashish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va mutaxassislar malakasini oshirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, KPMG va GIZ kabi xalqaro tashkilotlar va rivojlanish institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, sohani raqamlashtirish, institutsional rivojlanish va texnik ko‘mak dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zgidromet delegatsiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyoda kutilmaganda yuzaga keladigan toshqinlar haqida erta ogohlantirish tizimi (CAFFGS) boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etib, tizimni yanada rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish masalalarini ko‘rib chiqdi.

RES-2026 sammitida ishtirok etish O‘zgidromet agentligi uchun xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribani o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring