Prezident bir guruh tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlarini topshirdi
Yig‘ilishda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirildi. Bu yilda 45 trillion so‘m, 2016 yilgidan esa 6 karra ko‘pdir.
Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.
«Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir», – dedi Prezidentimiz.
«Tibbiyotdagi o‘zgarishlarni qishloq va olis hududlarda yashayotgan millionlab odamlarimiz ham his qilyapti, xalqaro tashkilotlar, tahlil va reyting markazlari e’tirof etmoqda.
Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi.
Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi», – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezidentimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan insonlarga ana shu mukofotlarni topshirdi.
Ularning orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.
Davlatimiz rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat va ehtiromini izhor etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter