Prezident: «Tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz»
Ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tibbiyot tizimiga xalqning munosabati haqida to‘xtaldi.
«Bugun odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan o‘zgardi. Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlarni olib kirish bo‘yicha oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu bois, noyabr-dekabr oyida qattiq tayyorgarlik ko‘rib, yanvardan tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz», – dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda 26 ta markaz direktorlari, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlashga o‘tadi.
Ushbu rahbarlar televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, zimmasiga olgan vazifalarni, qaysi kasalliklar ko‘p uchrayotgani va ularni qanday kamaytirishni aholiga e’lon qilib boradi. Shuningdek, odamlarga murojaat qilib, sog‘lig‘iga e’tibor qilish, tibbiy ko‘rikdan vaqtida o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni tushuntiradi.
Markaz rahbarlari o‘z sohasida eng og‘ir tuman va mahallaga boradi. Bir oy qolib, kasalliklarning sabablarini o‘rganib, ularga yechim beradi, oilaviy poliklinika va tuman shifoxonalarining vrachlarini kasallikni davolashga o‘rgatadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter