Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qozog‘iston mol go‘shti eksportini chekladi

Qozog‘iston mol go‘shti eksportini chekladi

Qozog‘iston 31-dekabrgacha mol go‘shti eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatdi. Cheklovlar yangi, sovutilgan va muzlatilgan mol go‘shtiga tegishli. Umumiy kvota 13 000 tonnani tashkil etadi. Ushbu qoidalar ham YeOII mamlakatlari, ham uchinchi mamlakatlar uchun amal qiladi. Jumladan, O‘zbekistona ham.

Mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht eksportiga kvotalar va nazoratni joriy etishni «ichki bozorda go‘sht tanqisligining oldini olish va mol go‘shti narxlarini barqarorlashtirish» uchun zarur chora deb ataydi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar bozorning raqobatbardoshligiga ta’sir qilmaydi.

«Joriy qilingan yondashuv oligopoliya yaratishga yoki raqobatni cheklashga qaratilgan emas. Aksincha, uning maqsadi to‘liq sanoat aylanmasiga asoslangan mol go‘shti ishlab chiqarishning madaniyatli, shaffof va mas’uliyatli modelini ishlab chiqishdir», – deyiladi xabarda.

Vazirning ta’kidlashicha, yangi choralar mayda kushxonalarga qo‘shni davlatlarga chorva mollarini qayta sotish imkonini bermaydi. Ilgari kompaniyalar hayvonlarni sotib olib, semirtirib boqmasdan, shu jumladan O‘zbekistonga ham olib ketgan. Bu bozorni buzgan va mamlakat ichida mol go‘shti narxining oshishiga olib kelgan.

«Shunday qilib, kvotalashni joriy etish chorva mollarini ko‘paytirish va bo‘rdoqiga boqish bilan shug‘ullanmaydigan, faqat hayvonlarni qayta sotadigan eksport vositachilarini chiqarib tashlashga qaratilgan. Ularning faoliyati mol go‘shti narxining asossiz o‘sishiga olib kelmoqda va sohani rivojlantirishga hissa qo‘shmayapti», – deyiladi xabarda.

Vazirlik shuningdek, fermerlarga subsidiyalar berilishini ma’lum qildi. Davlat nasldor qoramol sotib olish xarajatlarini qisman qoplashni rejalashtiryapti.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda mol go‘shti narxi shu yilning sentyabr oyida keskin ko‘tarildi. Do‘konlarda go‘sht kilogrammi uchun 5000-6000 tenge (taxminan 117 ming so‘m – 141 ming so‘m oralig‘i) dan sotilayotgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring