«Rayhon» restoranlar tarmog‘i egasi 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi «Shayx Zayniddin» va «Xo‘ja Alambardor» jome masjidlari sobiq imom-xatibi, «Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.
Sud hukmiga ko‘ra, jami 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 227-moddasi (hujjatlar, muhrlar va blankalar bilan bog‘liq jinoyatlar) hamda 228-moddasi (qalbaki hujjat tayyorlash va ulardan foydalanish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Hukmga muvofiq, Odilxon Ismoilov 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan uning ushlab turilgan vaqti hisobga olinib, jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kun etib belgilandi.
Qolgan 6 nafar sudlanuvchiga ham sodir etgan jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.
Sudlanuvchilarga birinchi instansiya sudining hukmi ustidan qonunda belgilangan tartib va muddatlarda Namangan viloyat sudining apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish mumkinligi tushuntirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter