Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya Kiyevga urush boshlanganidan buyongi eng yirik hujumlardan birini amalga oshirdi

Rossiya Kiyevga urush boshlanganidan buyongi eng yirik hujumlardan birini amalga oshirdi

Rossiya qo‘shinlari 2-iyulga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga dronlar, ballistik va qanotli raketalar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘lgan, 90 nafardan ortiq odam jarohatlangan.

Kiyev meri Vitaliy Klichko buni urush boshlanganidan beri poytaxtga qilingan eng yirik hujumlardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharning barcha tumanlarida vayrongarchiliklar qayd etilgan.

Hujumlar natijasida ko‘p qavatli turar joylar, tez yordam bo‘limlari, mehmonxona va bozorga zarar yetgan. Ayrim binolarda yong‘inlar yuzaga kelgan, qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda. Shu munosabat bilan 3 iyul Kiyevda motam kuni deb e’lon qilindi.

Ukraina Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Rossiya hujum davomida mamlakat hududiga 74 ta raketa va turli rusumdagi 496 ta dron uchirgan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari 48 ta raketa va 476 ta uchuvchisiz apparatni yo‘q qilgan.

Shu bilan birga, 25 ta ballistik raketa va 12 ta hujumkor dron 33 ta nuqtaga kelib tushgan. Yana 18 ta hududda urib tushirilgan dronlar parchalari qulagan. Ayrim raketalar bo‘yicha ma’lumotlarga aniqlik kiritilayotgani aytildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujum «yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollar» bilan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Idora bayonotiga ko‘ra, zarbalar Ukraina harbiy sanoati korxonalari, yoqilg‘i-energetika infratuzilmasi va harbiy aerodromlar obyektlariga qaratilgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumdan bir necha soat oldin razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya tomonidan mamlakat hududiga ommaviy raketa va dron zarbalari berilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Shu sababli Kiyevda ko‘plab aholi tunni metro bekatlaridagi panohgohlarda o‘tkazgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring