Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik aktyor “o‘zbek xalqining tuzini ichib tuzlug‘iga tupurdi”

Rossiyalik aktyor “o‘zbek xalqining tuzini ichib tuzlug‘iga tupurdi”

Sergey Bezrukov.

O‘zbekistonda bir necha bor mehmon bo‘lgan rossiyalik aktyor Sergey Bezrukov mahalliy xalq vakillarini kalaka qilgani ortidan keskin tanqidga uchradi.

Aktyor Rossiyada tashkil etilgan matbuot anjumanida 2022 yil sentyabr oyida o‘tkazilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida qatnashganini yodga olgan.

Bezrukov o‘sha safar chog‘i rus shoiri Sergey Yeseninning qizi – Tatyana Yeseninaning Toshkentdagi qabriga gul qo‘yish bilan bog‘liq hodisani hikoya qilar ekan, o‘zbekistonliklar tomonidan ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va odamgarchilik haqida masxaromuz ohangda fikr bildiradi, “rus tilini bilmaydigan” o‘zbekistonliklarni kalaka qiladi.

Ushbu videolavha tarqalishi ortidan yurtimizdagi jamoat faollari o‘z haddini bilmagan aktyorning nojo‘ya fikrlariga qarshi keskin e’tiroz bildirishdi.

“Biz bularni quchoq ochib kutib olamiz, ziyofatlar beramiz, yelkasiga to‘n yopamiz, sahnalarimizga chiqib katta pullar ishlashiga qo‘yib beramiz. Bular esa yurtiga qaytgach “rus tilini bilmaydigan” o‘zbekistonliklarni masxaralab latifa aytib yuradi.

Hov birda urushni moliyalashtirayotgani bilan maqtanadigan Lepsning konsertini jamoatchilik bosimi ostida bekor qilishga erishgan edik. Bezrukovning konserti oldidan ham shunday chaqiriqlar bo‘ldi, ammo u baribir keldi.

Rossiya-Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Toshkentda rossiyalik yulduzlar yomg‘iri tinmayapti. Tinch kelib hurmatini bilib konsert qo‘yib ketsa mayli edi. Yo‘q, ba’zilari madaniyat, san’at olib kelyapman deb madaniyatsizlikning cho‘qqisini ko‘rsatib ketadi. Rossiyada o‘zbek yulduzi hurmatini bilib tinch konsert qo‘yganida esa tadbirning qiziq joyida kirib buzishadi. Madaniy aloqalar, o‘zaro hurmat ikki tomonlama bo‘lishi kerak emasmi?

Men rossiyalik san’atkorlarning yaxshi, saviyali ijodi borligini e’tirof etaman, ularning O‘zbekistonda muxlislari ko‘p bo‘lishini tabiiy qabul qilaman. Lekin tuzingni yeb tuzlig‘ingga tupurib ketadigan mana bunday nonko‘rlarni oqlash uchun “San’at – tinchlik elchisi”, “Madaniy aloqalar siyosatdan xoli” degan iboralar yopishmaydi. Bularning miyasidagi, mentalitetidagi shovinizm baribir o‘rni kelib toshib chiqadi.

Bundan keyin ularga sahnalarimizni berishda, yaxshilab o‘ylaylik… Sal o‘z qadrimizni bilaylik!” – deb yozdi bloger Shahnoza Soatova.

“Shu o‘rinda rus madaniyati o‘n yilliklar davomida latifalarda targ‘ib qilib va namoyish etib kelayotgan narsa namoyon bo‘ldi: chukchalar, xoxollar, “kichik xalqlar” – masxara qilish uchun. Begona madaniyat – mensimay hazil qilish uchun. Va mana siz, ushbu mamlakatda turib, o‘sha qarashni beixtiyor takrorlayapsiz: g‘ashlanish, hayratlanish, o‘zingizni “yuqori”, qandaydir “oq tanli odam”dek ko‘rsatishga urinish, qolganlar esa go‘yo 2-navli aborigen yoki hindular...

Arzon PR ketidan quvib, siz hurmatni xizmat, sovg‘alarni rekvizit, mamlakatni esa o‘z dabdabangiz uchun fon sifatida qabul qilishingizni ko‘rsatdingiz. Tan oling: sizni g‘ashingizni keltirayotgan narsa qabriston direktori yoki “Beliy” emas. Sizga O‘zbekistonning sizga moslashmasdan ham yashashga jur’at etayotgani alam qilyapti.

O‘zbekiston sizdan hech narsa qarzdor emas. Na gul, na ta’zim, na tungi mistik ilhomlar. O‘zbekiston sizga mehmondo‘stlik ko‘rsatdi – siz esa gullarni va ancha pulimizni olib ketdingiz. Chunki olishni yaxshi bilasiz. Hurmatga munosib bo‘lishni esa – yo‘q.

Mehmonlarni “Mehmon otangdan ulug‘” deb ideallashtirish kerak emas. Doim hadya qiladigan choponlarimizni, ipakdan bo‘lgan adrasu atlaslarimizni, oyog‘i ostiga qo‘y so‘yib, osh bilan mehmon qilishni faqat buni qadrlaydiganlarga qilaylik! Keling, chetdan kelgan gastrolchilar oldida yelib-yugurib, ulardan kelgindi kumir yasashni to‘xtataylik.

O‘zi shundog‘am xech qayerda kutilmayotgan, jo‘g‘rofiyasi torayib borayotgan rus artistlarini yurtimizga tashrifini kamaytirish payti keldi!” – deb ta’kidladi Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja.

“Seryoja oradan uch yil o‘tib, o‘sha voqeani mensimaslik bilan esga olishi ko‘pchilik hamyurtlarimizni g‘azabga solganini tushunish mumkin. Ammo, bundan nima naf?

“Toshbaqa bilan chayon” masal yodingizdadir? Toshbaqa chayonni yelkasiga mindirib suvdan olib o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Chayon esa, nishini toshbaqaning kosasiga suqishga urinadi. Chayondan do‘stlik chiqmasligini anglagan toshbaqa suvga bir sho‘ng‘ib, uni suvga g‘arq qiladi va yo‘lida davom etadi. Qissadan hissa chayon har doim, har qayda o‘z kasbini qiladi, nishini suqishga urinadi.

Bezrukov ham o‘z ishini qilgan xolos. Yuz ellik yildan beri o‘zbek xalqining tuzini ichib tuzlug‘iga tupurib kelgan ko‘plab millatdoshlarining ishini takrorladi xolos. (Albatta, uning millatdoshlari orasida yaxshi insonlar behisob). Keldi, yeb-ichdi, hurmat-izzat ko‘rdi. Gonorarini qurtday sanab oldi. Oxir-oqibat uni hurmat qilib, yarim kechasi uyqusini harom qilib, eshik ochgan bir hamyurtimizni masxaralab o‘tiribdi.

Jazavaga tushib nima qilamiz? Asabiylashishning nima keragi bor? Buni tabiiy qabul qilishimiz darkor. Bezrukovga o‘xshagan kimsalar ortiqcha mulozamat, bag‘rikenglik va samimiyatga munosib emas. Masaldagi toshbaqaga o‘xshab, boshida bunaqalarni yelkamizga chiqarmasligimiz kerak edi. Ularning kimligini angladikmi, suvga bir sho‘ng‘ib olib, yo‘limizda davom etishimiz kerak, tamom”, – deb fikr bildirdi publitsist Rustam Jabborov.

Ekspert Bahodir G‘aniyev esa “imperiyacha tafakkur va shovinistik dunyoqarash” egasi bo‘lgan aktyor Sergey Bezrukovning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashni taklif qilgan.

Jamoatchilikning keskin e’tirozi ortidan ijtimoiy tarmoq orqali chiqish qilgan Sergey Bezrukov o‘zbek xalqi, madaniyati va oshxonasini hurmat qilishini ma’lum qilib, uning hazil so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini aytgan.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring