Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Serbiya prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

Serbiya prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi

Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi.

Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

29-oktyabr kuni Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi Tamara Vuchich hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan, Islom me’morchiligining haqiqiy durdonasi va O‘zbekistonning Uchinchi Renessans davri timsoli sanalgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonga markaz rahbariyati va olimlar hamrohlik qilib, dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan ushbu ulkan me’moriy majmua hamda uning jahon ilm-fani va islom olamidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berishdi. Qadimiy me’moriy an’analar va milliy bezaklar uyg‘unligida qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz barpo etilgan bu inshootning mahobati mehmonlarni o‘ziga rom etdi. Prezident Aleksandr Vuchich markazning buyuk ajdodlar galereyasi, Islomdan oldingi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans, Yangi O‘zbekiston ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Serbiya davlat rahbariga zamonaviy shaharsozlik sharoitida bunday me’moriy yodgorliklarning ahamiyati, Markazning maqsad va vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Prezident Aleksandr Vuchich markazdagi ekspozitsiyalar bilan tanishib, xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan bunday ishlar yuksak samara berishiga ishonch bildirdi.

“Men sizning Prezidentingizni va mamlakatingizni ana shunday muhtasham majmua ishga tushayotgani bilan tabriklamoqchiman. Avvalo bizga ushbu muhtasham markaz bilan yaqindan tanishish imkoni berilgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bu yirik ilmiy-ma’rifiy markaz nafaqat xorijdan kelgan mehmonlar uchun, balki yosh avlod vakillari uchun ham juda katta ahamiyatga ega. Chunki ular bu markaz orqali o‘zbek xalqi madaniyati va tarixi bilan tanisha oladilar. Shuning uchun men bugun juda ko‘p narsani o‘rgandim deb o‘ylayman va albatta bu yerga yana qaytaman. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda zamonaviy va ajoyib usulda bunyod etilgan. Men bunga o‘xshash markazni avval hech qayerda ko‘rmaganman. Men serbiyalik barcha vatandoshlarimga shunday degan bo‘lardim: “Azizlarim, men juda katta xato qilganman, chunki O‘zbekistonga ilgari hech qachon kelmaganman. Iltimos, imkon qadar tezroq bu yurtni ko‘rish uchun kelinglar.”- dedi Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring