Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Singapur katta vazirini qabul qildi: tafsilotlar

Shavkat Mirziyoyev Singapur katta vazirini qabul qildi: tafsilotlar

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Suhbat avvalida Katta vazir Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – Singapur munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqot hamda barcha darajalardagi ikki tomonlama aloqalar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Singapurning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi.

Singapur ishbilarmonlarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni ishlab chiqib, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga ustuvorlik berishga kelishib olindi.

O‘zbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Singapur oliy ta’lim muassasalarining mamlakatimizdagi faoliyati bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.

Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qo‘shma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Yaqinda O‘zbekiston BMTning Mediasiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring