Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi

15-noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev o‘rtasida tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tarixida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Toshkentda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumi, Qozog‘iston tibbiyoti kunlari, qozoq filmlari namoyishi, Ostona kunlari va bir qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yilning o‘tgan davri mobaynida tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetdi. O‘zaro savdo hajmini oshirish va import o‘rnini bosish orqali bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, shaharlar o‘rtasida haftasiga 40 dan ortiq aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda 6,5 mingta qo‘shma korxona tashkil etildi va ustuvor tarmoqlarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi loyihalar portfeli tayyorlandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif qilindi.

Muzokaralar davomida energetika, transport, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, axborot texnologiyalari va boshqa muhim sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hududlararo aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat hududlari rahbarlarining birinchi Kengashini 2026 yilda Qozog‘istonda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha ham fikr almashdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring