Sirdaryoda narkolaboratoriya tashkil qilgan oilaning ikki a’zosi ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda narkolaboratoriya fosh etildi.
Xususan, Guliston shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1996 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i hozirda Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan fuqaro bilan kelishgan holda, uning xonadonida sintetik narkotik moddalar tayyorlab, «zakladka» tarzida mijozlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanishgan.
Ushbu narkolaboratoriyadan 4 kg 373 gr «Mefedron» sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, mikser, protivogaz, zip-paket va qadoqlashda ishlatiladigan boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, og‘ufurushlar MDH davlatlari bo‘ylab internet tarmog‘ida sintetik narkotiklar sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xom-ashyolardan foydalanib, giyohvandlik vositalari tayyorlashgan.
Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan shaxs «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasining Uychi tumani «Yangiyer» MFY hududidan o‘tuvchi qismi orqali Qirg‘iz Respublikasidan mamlakatimizga qonunga xilof ravishda kirib kelgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Mazkur shaxs tekshirilganida, uning yonida bo‘lgan sumka ichida 9 kg 702 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 223-moddasi 1-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Boshqa holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda qilingan, taxminiy qiymati 3,2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan, 24122 dona «Regapen» va 4880 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda 45 turdagi jami 61287 dona kontrafakt dorilarni qabul qilib olib, ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng, ushbu dori vositalarini buyurtma qilgan shaxslar va kur’yerlarni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, Namangan shahri va Kosonsoy tumanida yashovchi 5 nafar fuqaro aniqlanib, ular xaqiqatdan ham kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va kontrafakt dorilarni Toshkent shahri hamda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida sotish bilan shug‘ullanishlari ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter