Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Adliya vazirligi tomonidan sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasini olish tartibini belgilovchi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026-yil 8-iyulda 3894-son bilan ro‘yxatga olingan.

Mazkur tartib «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qonunga muvofiq, davlat organi yoki tashkilotida ishlagan shaxs ishdan bo‘shaganidan keyin ikki yil davomida o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga qabul qilinishidan oldin avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinishi shart.

Nazorat ostida bo‘lgan tashkilot sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilishni rejalashtirsa, kadrlar bo‘limi bir ish kuni ichida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qiladi.

Ichki nazorat bo‘linmasi quyidagi uch turdagi xulosadan birini beradi:
ijobiy — nomzodni ishga qabul qilish mumkin;
cheklovli ijobiy — belgilangan cheklovlar bilan ishga qabul qilinadi;
salbiy — ishga qabul qilish rad etiladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, xulosa olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar ichki nazorat bo‘linmasi cheklovli ijobiy xulosa bersa, xodimga bir qator talablar qo‘llaniladi.

Xususan, u uch oy davomida avval nazorat qilgan tashkilotga oid qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etmaydi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi hamda uning faoliyati korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.

Bundan tashqari, sobiq davlat xizmatchisi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasidan norozi bo‘lgan taqdirda, yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring