Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tergov hibsxonalariga kelgan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

Tergov hibsxonalariga kelgan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi

Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalarga  o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilyapti.

Unga ko‘ra, tergov hibsxonalariga keltirilgan shaxslar umumiy kameralarga joylashtirilishidan avval (tranzit bilan kelayotganlar ham) ikki soat ichida tibbiyot xodimi tomonidan (atrofdagilarga epidemiologik xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lganlarni, shoshilinch yoki kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni zudlik bilan) tana ko‘rigi, antropometriya, termometriya tekshiruvlarini o‘tkazish hamda tan jarohati, shikastlanish darajasi va belgilarini aniqlash maqsadida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv davomida tergov hibsxonasining u bilan bir jinsda bo‘lgan xodimi ishtirok etadi.

Majburiy tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda qamoqqa olinganning roziligi bilan uning advokati ham ishtirok etishi mumkin.

Majburiy tibbiy ko‘rik natijasida aniqlangan kasalliklar yoki shikastlanishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tibbiyot xodimi tomonidan jurnalga qayd etiladi.

Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan qamoqqa olinganlar boshqa joyga o‘tkazilganda yoki protsessual harakatlar o‘tkazish uchun olib chiqilib, tergov hibsxonasiga qaytarilganda ular ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan tartibda majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Hibsxonaga olib kelingan shaxs majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida tanasida jarohatlar, shikastlanishlar va yaralar aniqlangan taqdirda, uch nusxada dalolatnoma tuzilib, tergov hibsxonasi boshlig‘ining yordamchisi – tezkor navbatchi va shaxsni olib kelgan qorovul boshlig‘i tomonidan imzolanadi.

Majburiy tibbiy ko‘rik davomida aniqlangan jarohatlar yuzasidan qamoqqa olinganga ma’lum qilinadi va zudlik bilan TH tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan prokurorga xabar beriladi hamda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, yuqoridagi yangi tartiblar orqali tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shu jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini ko‘llash holatlarining oldini olishga erishiladi.

Manba: regulation.adliya.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring