Toshkent: Eski shahar hikoyalari suratlarda
Toshkentga o‘qishga hujjat topshirish uchun kelganimda, ilk hayratlanganim metro bo‘lgan. «Paxtakor» bekatidan chiqib, 100-avtobusga o‘tirganmiz. Va shu bilan men shaharga kelganimni deyarli his qilmaganman: eshigi zo‘rg‘a yopiladigan tiqilinch avtobus — ichida havo yo‘q, bir oyoqda turganlarniku aytmasa ham bo‘ladi. Issiqdan zo‘rg‘a nafas olasan, oynalari xira, shovqin va hatto orqa eshik yaxshi yopilmagan. Avtobus jin ko‘chalardan, pastqam darvozali uylar, nuragan devorlar orasidan o‘tar, u qadar chiroyli manzara emasdi, balki go‘yo qishloq ichida yurgandek edi.
Shunda o‘ylaganman: «Toshkent chiroyli, katta shahar deyishgandi-ku, nahotki u shunchalik eski va xarob bo‘lsa?...» Biz o‘tirgan avtobus to‘g‘ri universitet oldiga borgan.

foto: Anatoliy Gorokrik
O‘shanda men tushunmaganman, nega shuncha zamonaviy shaharda go‘yoki qishloq oralab yurdik? Keyin bildimki, biz yurgan ko‘chalar qishloq emas, balki Poytaxtning yuragi, aniqrog‘i, Toshkent barpo bo‘lgan joy ekan.
Oradan qancha yillar o‘tdi... men yana o‘sha joylarga qaytdim, xotira va sog‘inch bilan. Qizig‘i shundaki, bu sayohat ham o‘sha kabi shaharda endilikda deyarli uchramaydigan, o‘rindiqlari bilan o‘tmish nafasini saqlagan avtobusdan boshlandi.
Farobiy, Chig‘atoy, Samarqand darvoza, Sog‘bon dahalari... Olcha, Dutorchi, Qo‘shtut, Shoshiy ko‘chalari, tupik, ya’ni berk ko‘chalar, jin ko‘chalar — ular oralab yurarkanman, Toshkentning yuragida joylashgan o‘tmishni, tarixni his qildim.
Bu sayohat men uchun xarita bo‘ylab yurish emas, balki vaqt bo‘ylab ortga qaytish edi.
Sayohatim Chig‘atoy ko‘chasidan boshlandi, unga yondosh Sag‘bon ko‘chaning boshlanishi hovlilar devorlariga relef surat (bo‘rtma devor san’ati) chizilgan edi. Devorlarda go‘yo shahar o‘z xotirasini so‘zlayotgandek: bo‘rtma suratlar ichida o‘sha davrni va odamlarini uchratasiz.


Ochig‘i hamma ko‘chalar bir-birini takrorlayotgandek, agar avval kirgan ko‘changizni eslab qolmasangiz yana aylanib shu yerga kelib qolishingiz aniq.


Eng qizig‘i ko‘chalarda saqlanib qolgan eshiklarning tuzilishi bo‘ldi — biri ikki tavaqali, yana biri bir va hatto g‘ayritabiiy uzun va ingichka eshiklarni ham uchratishingiz mumkin:



Ba’zi uylarning tashqari tomoni boshqatdan suvalgan, ba’zi uylarning oyna, romlari almashtirilgan, ammo ba’zi boloxonali uylarning hamon o‘sha davrdagidek o‘zgartirilmagani o‘tmish arxitekturasini ko‘z oldingizda qayta jonlantiradi:



O‘sha davrdagi ko‘chalar nafaqat tor va uzun bo‘lgan balki zinali bo‘lgani yanada qiziq:



Eski ko‘chalarga, eski uylarga ularning eskiligini eslatib turuvchi har qanday ashyolar yarashaveradi:

Ushbu shisha lampa ham har holda tarixga aylangani rost...
Ko‘chalarda mana bunday ulovda yurgan hamshaharlarimizni ham uchratdim:


Shom payti. Shu yerda yashaydiganlarning eslashicha, ushbu do‘konga 40 yildan oshibdi.

Menga yana sirli ko‘ringan narsa, bu mana shunday eshiklar ortidagi shu mahallalarda tug‘ilib yashayotgan odamlarning turmush tarzi, o‘y-xayollari, o‘tmish bilan bog‘liq xotiralari bo‘ldi.


Boshi berk ko‘cha deb o‘ylaganingiz yana bir kichik jin ko‘chalarga olib chiqishi mumkinligi ham g‘alati hislarni berdi...
Va angladimki, bu yerdagi har bir xonadon, har bir eshik ortida tarix va bugunni bog‘laydigan bitmas tuganmas-sirlilik bor. Va bularni bilish uchun albatta yana qaytaman...
Odatda sayohatga chiqish deganda insonlar o‘zga yurtlarning tarixiga, madaniyatiga, shaharlariga havas qiladi. Ammo moddiy imkoniyatlar hamisha bunga imkon bermaydi, lekin sayohatdan oladigan taassurotlarimizni biz o‘z yurtimizning qadimiy joylaridan ham topishimiz mumkin. Toshkentning eski shaharini aylanganimda, ochig‘i, xorijga chiqqanday taassurot oldim. 2200 yildan ortiq tarixga ega bu shaharni uch kun aylanib chiqsangiz ham vaqtingiz yetmaydi, ishoning, uning boy madaniy merosi, tarixiy muhiti sizga o‘zgacha hissiyotlarni beradi... yana va yana qaytishni istab qolasiz.
Barno Sultonova


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter