“Toshturma” avtoturargohida giyohvandlik vositasi sotayotgan ayol qo‘lga olindi
Muqaddam uch marotaba sudlangan ayol Toshkent viloyatida joylashgan Ayollar jazoni ijro etish koloniyasining avtoturargohida giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda “Post” gazetasida ma’lum qilindi.
Aytilishicha, Namangan shahrida tug‘ilgan 33 yoshli Sh. N. o‘g‘irlik sodir etgani uchun 2017 yil may oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi tomonidan ozodlikdan mahrum qilingan. Qilmishi uchun dastlab unga yengilroq jazo berilgan. Oradan bir yil o‘tmasdan o‘g‘irlikka yana qo‘l urib, sud tomonidan 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 3 yildan so‘ng ozodlikka chiqarilgan.
U Jizzax viloyatida firibgarlik sodir etgani uchun 2025 yil may oyida Jinoyat kodeksining 168 moddasi bilan aybdor, deb topiladi. Bu gal unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan-u, bir oylik emizikli chaqalog‘i borligi hisobga olinib, jazoni ijro etish muddati 3 oyga kechiktirilgan.
Shu muddat ichida joriy yilning 1 may kuni IIV huzuridagi JIEDga qarashli manzil koloniya avtoturargohida gashish giyohvandlik moddasini notanish fuqaroga 1 mln so‘mga sotayotganida qo‘lga olingan. U sud tomonidan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda o‘tkazishda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan, deb topilib, 6 yil-u 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sh.ning oilaviy sharoiti o‘rganilganda uning turmush o‘rtog‘i ham hech qayerda ishlamasligi, muqaddam sudlangan shaxs ekanligi va 2 nafar voyaga yetmagan farzandi borligi ma’lum bo‘lgan. Bolalar kelajakda yaxshi tarbiya olishi uchun ularni maxsus tarbiya maskanlariga yuborish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter