Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp «Anthropic»ni endi milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblamasligini aytdi

Tramp «Anthropic»ni endi milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblamasligini aytdi

Foto: Reuters.com

AQSh prezidenti Donald Tramp sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi «Anthropic» kompaniyasini endi milliy xavfsizlikka tahdid deb hisoblamasligini ma’lum qildi. Bu haqda u «Axios» nashriga bergan intervyusida gapirgan.

Trampdan «Anthropic» yoki uning bosh direktori Dario Amodei milliy xavfsizlik uchun xavf tug‘diradimi, deb so‘ralganda, u: «Hozir emas, ammo bir hafta oldin shunday deb o‘ylagan bo‘lishim mumkin», degan.

Prezidentning ushbu bayonoti kompaniya va AQSh ma’muriyati o‘rtasidagi bahslar fonida yangradi. O‘tgan hafta Tramp ma’muriyati «Anthropic»dan uning eng ilg‘or sun’iy intellekt modellari — Fable 5 va Mythos 5’ga xorijiy fuqarolar kirishini cheklashni talab qilgan edi. Shundan so‘ng kompaniya mazkur modellarga barcha foydalanuvchilar uchun kirishni vaqtincha to‘xtatgan.

Hafta boshida «Anthropic»ning yuqori malakali texnik mutaxassislari AQSh ma’muriyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgani xabar qilingan.

Tramp intervyu davomida kompaniya rahbari Dario Amodei hukumatning eksport nazorati bo‘yicha ko‘rsatmasiga «juda tez» va «mas’uliyat bilan» javob qaytarganini ta’kidladi.

Shu hafta Fransiyada bo‘lib o‘tgan «G7» sammiti doirasida Tramp va boshqa davlat rahbarlari texnologiya sohasidagi yetakchilar, jumladan Amodei bilan ham uchrashdi.

Biroq AQSh prezidenti kompaniyaga nisbatan yanada qat’iy choralar qo‘llash ehtimolini ham butunlay istisno qilmadi. Xususan, u «Mudofaa ishlab chiqarish to‘g‘risida»gi qonun doirasidagi favqulodda vakolatlardan foydalanish imkoniyati haqida so‘ralganda: «Menda ko‘plab vositalardan foydalanish vakolati bor. Lekin bunga ehtiyoj tug‘ilish yoki to‘g‘ilmasligini bilmayman», dedi.

«Anthropic» kompaniyasi Trampning bayonotiga munosabat bildirib, AQSh ma’muriyati bilan hamkorlik davom etayotganini ma’lum qildi.

Kompaniya vakili hukumat bilan muammoni tezroq hal qilish bo‘yicha hamkorlikdan minnatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, «Anthropic» muhim infratuzilmalarni himoya qilish va sun’iy intellekt sohasida AQSh yetakchiligini ta’minlash bo‘yicha umumiy maqsadlarga sodiq qolishini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring