Turizm qo‘mitasining xorijiy davlatlarda vakolatxonalari ochiladi
Prezidentning tegishli qarori bilan milliy turistik mahsulotlarni jahonda ommalashtirish maqsadida Turizm qo‘mitasi raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, Qo‘mitaning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari tashkil etiladi. Bunda vakolatxonalar o‘zi faoliyat yuritadigan davlatlarda tegishli vazifalarni bajarishi belgilab beriladi.
Qo‘mita raisining milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari esa «Milliy PR-markazi» davlat muassasasi va vakolatxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda milliy turistik mahsulotlarning samarali marketingi uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilanadi.
Hujjatga muvofiq, Qo‘mita Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston hududiga kirish uchun vizasiz rejim joriy etiladigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish hamda mamlakat hududiga kirish va uning hududida bo‘lish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Qolaversa, turistlarni jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish maqsadida 2026–2028 yillarda Samarqand shahridagi eng muhim tarixiy ob’yektlarni bog‘lovchi 6,6 km uzunlikdagi turistik marshrutni tashkil etish bo‘yicha «Samarqandning meros yo‘li» loyihasi amalga oshiriladi. Xiva shahridagi Ichan-qal’a majmuasini esa aholining turmush tarzi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va kommunikatsiya tizimini tarixiy muhit bilan uyg‘unlashtirgan holda jahonda yagona bo‘lgan immersiv va «aqlli» muzey-shaharga aylantiriladi.
Bundan tashqari, jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-ko‘ngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlar tashkil etiladi.
Bunda:
- birinchi bosqichda (2030-yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;
- ikkinchi bosqichda (2030-yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori bo‘lgan boshqa aholi punktlarida.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter