Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vengriya prezidenti o‘z iste’fosi haqidagi konstitutsiyaviy tuzatishni imzoladi

Vengriya prezidenti o‘z iste’fosi haqidagi konstitutsiyaviy tuzatishni imzoladi

Foto: Life.ru

Vengriya prezidenti Tamash Shuyok bosh vazir Peter Madyar rahbarligidagi hukmron «Tisa» partiyasi tashabbusi bilan parlament tomonidan qabul qilingan Konstitutsiyaga o‘zgartirishni imzoladi. Mazkur tuzatish uning prezidentlik lavozimini tark etishiga huquqiy asos yaratadi.

Prezident bu haqda «Facebook»dagi videomurojaatida ma’lum qilib, huquqiy imkoniyatlari va vijdonini sinchkovlik bilan baholagach, asosiy qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarishga qaror qilganini aytdi.

Shu bilan birga, Shuyok parlament qarorini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, ushbu tuzatish siyosiy hokimiyatni suiiste’mol qilishning tarixda sharmandali misollaridan biri sifatida qoladi hamda prezident instituti muvozanatni ta’minlovchi omil bo‘lish xususiyatini yo‘qotadi.

«O‘z e’tiqodi va haqiqatiga sodiq inson zo‘ravonlikka moyil bo‘lmaydi, boshqalarni haqorat qilmaydi va qadr-qimmatini kamsitmaydi. Har qanday sharoitda ham insoniylikni, haqiqatni va o‘ziga sadoqatni saqlab qolish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bizni birlashtiradigan qadriyatlarni asraylik va Vengriyani sevaylik», — dedi Shuyok.

13 iyul kuni Vengriya parlamenti prezidentni lavozimidan chetlatish imkonini beruvchi Konstitutsiyaga o‘zgartirishni ma’qullagan edi. Peter Madyar tashabbusini 199 deputatdan 139 nafari qo‘llab-quvvatladi, olti deputat qarshi ovoz berdi. Sobiq bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi «Fides» partiyasi deputatlari esa ovoz berishni boykot qildi.

Vengriya qonunchiligiga ko‘ra, prezidentni oddiy parlament ovozi bilan lavozimidan chetlatish mumkin emas. Buning uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi talab etiladi. Parlamentda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lgan «Tisa» partiyasi ushbu o‘zgartirishni qabul qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring