Zelenskiy: Rossiya muzokaralarga tayyorligini bildirgan
AQSh Ukraina va Rossiya o‘rtasida qish oldidan vaziyatni yumshatish va tinchlik muzokaralarini qayta boshlash imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Axios nashriga ma’lum qilgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Kiyevda Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashgan. Ular bundan oldin Kremlda Vladimir Putin bilan uch soatlik muzokara o‘tkazgandi.
Uchrashuvdan keyin Zelenskiyga «Rossiya muzokaralarga tayyor» degan xabar yetkazilgan. Biroq Ukraina prezidenti bu bayonotga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Uning aytishicha, Rossiyaning frontdagi harakatlari va so‘nggi hujumlari hozircha murosaga tayyorlikni ko‘rsatmayapti.
Shu bilan birga, Zelenskiy Putin muzokaralarni qayta boshlash bo‘yicha ayrim g‘oyalarni muhokama qilishga tayyor, degan fikrda.
AQSh tomoni qishgacha ikki davlat o‘rtasida keskinlikni kamaytirishni ham taklif qilmoqda. Muhokamalarda energetika obyektlari, elektr tarmoqlari, g‘alla yetkazib berish, neft va gaz eksporti kabi masalalar tilga olingan.
Zelenskiyning aytishicha, asosiy maqsad — avval muzokaralarni qayta boshlash, keyin esa qishni avvalgi yillardagidek og‘ir eskalatsiyasiz o‘tkazish.
Ukraina prezidenti Rossiya qish mavsumida Ukraina infratuzilmasiga bosimni kuchaytirish orqali Kiyevni yon berishga majburlashga harakat qilishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, u Tramp ma’muriyati Putinga bosim o‘tkazishi mumkin, deb hisoblaydi. Zelenskiyning fikricha, Putin Tramp bilan munosabatlarni buzishni istamaydi.
Ukraina sentyabr va oktyabr oylarida diplomatik jarayonni qayta jonlantirishga umid qilmoqda. Zelenskiy BMT Bosh Assambleyasi doirasida keyingi muzokaralar bo‘lishi mumkinligini ham aytdi.
Hozircha AQSh–Ukraina–Rossiya formatida yangi uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter