Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniyada «siyosiy zilzila»: Mers uchun qo‘rqinchli tush, Putin va Tramp uchun xushxabar

Germaniyada «siyosiy zilzila»: Mers uchun qo‘rqinchli tush, Putin va Tramp uchun xushxabar

«Germaniya uchun muqobil» partiyasi a’zolari g‘alabani nishonlamoqda.

Foto: AP Photo

Joriy yil 6-sentyabr kuni Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal yerida mahalliy parlament (landtag) uchun bo‘lib o‘tgan saylov nafaqat mazkur hudud, balki butun mamlakat uchun xavotirli natija bilan yakunlandi.

O‘ta o‘ng qanotga mansub «Germaniya uchun muqobil» (Alternative für Deutschland, AfD) partiyasi elektoratning 43,8 foiz ovozini va mahalliy parlamentdagi 83 ta o‘rindan 39 tasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Germaniya kansleri Fridrix Mers boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) esa atigi 17,2 foiz ovoz yiqqan. E’tiborga molik jihati, Saksoniya-Anxalt federal yerini so‘nggi 24 yil mobaynida XDI idora etib kelgan.

Millatchilik, ayirmachilik ruhidagi radikal bayonotlari bilan tilga tushgan partiyaning bu qadar keskin farq bilan g‘alaba qozonishi «siyosiy zilzila» deb atalmoqda.

Natsistlar partiyasi sabab Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va millionlab insonning o‘ldirilishiga sababchi bo‘lgan Germaniyada millatchilik o‘ta nozik masala sanaladi. «Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi» deganlaridek, nemislar millatchilik harakatlariga nisbatan o‘ta ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi. Ammo shunday ehtiyotkorlik muhitida ham millatchilik, irqchilik va aksilislom ruhidagi siyosiy dasturni ilgari surayotgan «Germaniya uchun muqobil» partiyasining mavqei oshib borayotgani, partiya Saksoniya-Anxalt federal yeri boshqaruvini qo‘lga kiritayotgani o‘ta keskin tendensiya deb baholanmoqda.

Radikal partiyaning Saksoniya-Anxaltdagi muvaffaqiyati Germaniya kansleri Fridrix Mers uchun «qo‘rqinchli tush» deb baholanayotgani bejiz emas. Zero, ushbu mag‘lubiyat 2025-yil may oyida lavozimga kirishganidan buyon jiddiy islohotlar qila olmayotgan va xalq ishonchini qozona bilmayotgan Mers siyosiy karerasining intihosi bo‘lishi ham mumkin. Mers partiyasining nufuzi tushib borayotganiga ishonchi komil bo‘lgan «Germaniya uchun muqobil» partiyasi hamraisi Alisa Vaydel allaqachon kansler Rojdestvo bayramiga qadar iste’foga ketishi haqida bayonot berdi. Mersning o‘zi esa saylovdagi mag‘lubiyatni «insonlar ko‘ngliga yo‘l topa olmaslik» bilan izohlagan.

Bundestag deputati Gyunter Krigs ham o‘zi a’zo bo‘lgan XDI partiyasiga ishonch o‘ta past darajaga tushib ketganini tan olgan.   

Kansler Fridrix Mers o‘ta og‘ir siyosiy vaziyatga tushib qoldi.
Foto: AP

«Germaniya uchun muqobil» partiyasi qochqinlar va muhojirlarga nisbatan murosasiz pozitsiyasi bilan tanilgan. Infratest dimap markazi xulosasiga ko‘ra, radikal partiyaning Saksoniya-Anxaltdagi g‘alabasi qochqinlar va muhojirlarga qarshi pozitsiya emas, ko‘proq ijtimoiy va iqtisodiy siyosat bilan bog‘liqdir. Ya’ni ushbu g‘alaba hudud aholisi Mers boshchiligidagi hukumat va partiyaning siyosiy dasturidan norozi ekanidan dalolat beradi.

Tahlilchi Dirk Emmerixning fikricha, nemis xalqi siyosiy elitaning quruq va’dalariga ishonmay qo‘ydi. Iqtidordagi siyosatdonlar yillar mobaynida migratsiya, energetika, infratuzilma, moliya-iqtisod kabi jabhalardagi muammolarni hal qilishga so‘z bermoqda, ammo va’dalar qog‘ozda qolib ketmoqda. Deylik, pensiya, tibbiy sug‘urta kabi hassos masalalarni hal etish yillar mobaynida paysalga solinmoqda. Shu bois ham elektorat garchi radikal qanotga mansub bo‘lsa-da, «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga ishonch bildirmoqda. Nufuzi shiddat bilan oshib borayotgan radikal partiyani faqat oqilona qaror va aniq siyosiy yechimlar orqaligina to‘xtatish mumkin.  

«Germaniya uchun muqobil» partiyasining g‘alabasi Rossiya hamda uning rahbari Vladimir Putin uchun xushxabar deb baholanmoqda. Mazkur partiya Rossiyaga nisbatan xayrixoh munosabati, Ukrainaga nisbatan esa keskin pozitsiyasi bilan ajralib turadi. O‘tgan yili partiya Rossiya manfaatlarini himoya qilish va Moskvaga josuslikda ham ayblangan edi.

Putin ham “Germaniya uchun muqobil” nemis xalqi va nemis iqtisodiyoti manfaatlarini aniq va izchil himoya qilishi”ni aytib, partiyani ochiq maqtagani ma’lum.

Kreml omili sabab Germaniyadagi radikal partiyaning siyosiy g‘alabasi Yevropa Ittifoqi miqyosida xavotir uyg‘otmoqda. Jumladan, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas «Germaniya uchun muqobil» partiyasining Saksoniya-Anxaltdagi saylovda erishgan natijasi yuzasidan tashvish bildirgan. YI bosh diplomati bu hodisa Rossiya tomonidan Yevropaga nisbatan gibrid hujumlar uyushtirilayotgan vaqtga to‘g‘ri kelganiga ham e’tibor qaratgan.

Tashvishu xavotirlar asossiz emasligi allaqachon ma’lum bo‘ldi. «Germaniya uchun muqobil» partiyasining hamraisi Tino Xrupalla hududiy saylovdagi ishonchli g‘alabadan keyin Berlin Rossiyaga nisbatan sanksiya siyosatini o‘zgartirish kerakligi haqida bayonot berdi.

«Biz Rossiya bilan yana yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishni istaymiz», — degan partiya hamraisi.  

Masalaning yana bir murakkab jihati shundaki, «Germaniya uchun muqobil» partiyasini AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati qo‘llab-quvvatlaydi.

2025-yil may oyida Germaniyaning Konstitutsiyani muhofaza etish bo‘yicha federal idorasi (BfV) «Germaniya uchun muqobil» partiyasini ekstremistik tuzilma deb e’lon qilgan edi. O‘shanda AQSh ma’muriyati Berlinning bu qarorini qoralagandi.

Tramp hududiy saylovdagi g‘alaba munosabati bilan ham xayrixohlik ruhida post e’lon qilgan. Milliarder Ilon Mask esa radikal partiyaning g‘alabasini ochiq-oydin dastaklab, uning a’zolarini «Barakalla!» deya olqishlagan.

Hozircha Germaniyaning bir viloyati boshqaruvini qo‘lga kiritgan radikal partiya ishonch bilan olg‘a qadam tashlamoqda.

2025-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan federal saylovda «Germaniya uchun muqobil» saylovchilarning 20 foiz ovozini hamda 630 o‘rinli parlamentda 152 mandatni qo‘lga kiritgan edi.

2024-yil iyunda bo‘lib o‘tgan Yevropa parlamenti saylovida esa partiya 16,5 foiz ovoz yiqqandi.

«Germaniya uchun muqobil»ning Bundestagdagi a’zolari.
Foto: AP

Germaniya hukumati «Mamlakatimiz tarixi o‘ng ekstremizmning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini o‘rgatdi», deya bayonot berib keladi. Bu o‘rinda rasmiy Berlin 1933-yilda Adolf Hitler boshchiligidagi millatchilarning hokimiyatga kelganiga ishora qilayotganini sezish mumkin.  “Germaniya uchun muqobil” partiyasining nufuzi va ta’siri oshib borayotgani bu boradagi xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring