Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Kavkaz musulmonlari idorasi raisini «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirladi

Shavkat Mirziyoyev Kavkaz musulmonlari idorasi raisini «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbari shayxulislom tomonidan sovg‘a qilingan, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining hamkorligiga bag‘ishlangan «Qardoshlik va ittifoqchilikning oliy nuqtasi» kitobi uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot davomida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, yoshlarning ma’naviy tarbiyasi va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalarini yoshlarga sodda va qiziqarli shaklda yetkazish uchun raqamli platformalar hamda interaktiv ta’lim vositalaridan samarali foydalanishda ilmiy salohiyatni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-fani va ma’rifatini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining «El-yurt hurmati» ordenini tantanali ravishda topshirdi.

Mazkur davlat mukofoti shayxulislomning diniy-ma’rifiy sohadagi ko‘p yillik samarali faoliyati, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasiga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring