Mirziyoyev Markaziy Osiyo uchun yangi hamkorlik modeli taklif qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning Issiqko‘l sohilida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida mintaqaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.
Davlat rahbari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga uchrashuvni tashkil etgani va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori baholadi. Shuningdek, Qirg‘izistonning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan tabrik bildirdi.
Prezident Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning kengayishi makromintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg‘onistonni qamrab olgan yagona taraqqiyot makonini shakllantirish uchun qulay sharoit yuzaga kelmoqda.
Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirish vaqti kelganini ta’kidlab, bu jarayon samarali institutlar, tarmoq idoralari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga asoslanishi lozimligini aytdi.
Prezident savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport bog‘liqligini mustahkamlash, sanoat-texnologik zanjirlarni rivojlantirish, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya platformalarini ishga tushirish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoni ta’lim, ilm-fan va sun’iy intellekt sohasida raqobatbardosh innovatsion habga aylantirish, data-markazlar va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham qo‘shma harakatlar zarurligi ta’kidlandi.
Nutqda iqlim o‘zgarishi mintaqaning suv, energetika va oziq-ovqat xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgani alohida qayd etildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ekologik muammolar davlat chegaralarini tan olmaydi va ularga qarshi choralar ham umumiy bo‘lishi lozim.
Davlat rahbari gumanitar hamkorlikni ham ustuvor yo‘nalish sifatida e’tirof etib, xalqlar o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, madaniy almashinuv va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Nutqi yakunida Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlari o‘rtasidagi birlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik umumiy taraqqiyotning eng muhim omili ekanini qayd etib, mamlakatlar xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter