Qator davlatlar yetakchilari Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni qator davlat rahbarlari va siyosiy arboblar bilan muloqot o‘tkazdi.
Dastlab davlatimiz rahbari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Tojikiston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqining orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tiladi.
Emomali Rahmon O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlari tufayli bugun mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan dadil ilgarilab, xalqaro maydondagi nufuzini izchil mustahkamlab borayotganini alohida ta’kidladi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Tojikiston Prezidentining joriy yil 26-27 mart kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Yetakchilar mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va qardosh O‘zbekiston xalqi farovonligi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot davomida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati ortib borayotgani, jumladan, tovar ayirboshlash hajmi oshayotgani, ustuvor tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalardagi muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan hafta Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarining samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga puxta tayyorgarlik ko‘rish, uning iqtisodiy kun tartibini aniq loyihalar va dasturlar bilan boyitish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Sadir Japarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hamda Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholadi.
Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati tobora ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi jadal o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, jumladan, ishga tushirilgan Qo‘shma jamg‘arma doirasida amalga oshirilmoqda. Yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammit kun tartibini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Eron Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli faoliyatida yangi zafarlar tiladi.
O‘zbekiston yetakchisi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlik davom etayotganidan jiddiy tashvish bildirib, ayni paytda vazminlikni saqlash va muloqotni qayta tiklash har qachongidan ham muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
Telefon suhbati davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston va Eron yetakchilari kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Belarus yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
O‘zbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 8-9 iyul kunlari Minsk shahriga amalga oshirgan rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni bajarish doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Turli darajalarda samarali muloqotlar olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Faol tus olgan hududlararo hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida Irakliy Kobaxidze davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Muloqot davomida O‘zbekiston – Gruziya strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning 2-3 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan dildan qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqining farovonligi yo‘lidagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Rossiya har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, ustuvor yo‘nalishlarda yetakchi korxona va kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv faol davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Federatsiya Kengashi Raisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Ikki mamlakat parlamentlarining O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotgan samarali hamkorligi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Nursulton Nazarboyev mamlakatimiz yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, barqaror taraqqiyot va farovonlik tilaklarini izhor etdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga ko‘tarilgani hamda barcha ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich telefon orqali muloqot qildilar.
Serbiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston – Serbiya ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Serbiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, infratuzilma, madaniy-gumanitar sohalarda hamda turizm va tartibli mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarida hamkorlikni izchil rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi, xususan, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston delegatsiyasining Belgrad shahrida bo‘lajak “EXPO-2027” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Suhbat avvalida Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar tiladi.
Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, hamkorlikning yuqori sur’atlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni va muntazam aviaqatnovlar ko‘payib, istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar ham faol davom etyapti. Jumladan, Xatayda O‘zbekistonga bag‘ishlangan majmualar ochildi, Namangandagi Xalqaro maqom san’ati festivali va Islom sivilizatsiyasi forumida Turkiya tomoni yuqori darajada qatnashdi.
Muloqotda oliy darajadagi kelishuvlar doirasida oldinda turgan ulkan reja va maqsadlarni birgalikda ro‘yobga chiqarish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.
Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter