Shavkat Mirziyoyev xalqaro forumda muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Bugun Byurokratiyani bartaraf etishga bag‘ishlangan xalqaro forumda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini zamon talablariga mos ravishda yangilash, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va fuqarolar hamda biznes uchun qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Prezident ta’kidlashicha:
– so‘nggi yillarda byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha 9 ta farmon va qaror qabul qilindi, Davlat xizmatlari markazlari, Yagona portal va «Raqamli hukumat» tizimlari joriy qilinishi natijasida davlat xizmatlari soni 444 tadan 1 040 tagacha oshdi, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 55 milliondan oshdi;
– 90 dan ortiq proaktiv va kompozit xizmatlar joriy etildi, xususan, tug‘ilish bilan bog‘liq xizmatlarning yagona paketda taqdim etilishi har yili 1 million fuqaro uchun qulaylik yaratmoqda, ijtimoiy nafaqalar va pensiya tayinlash jarayoni avtomatlashtirildi;
– 30 turdagi xizmat real vaqtda taqdim etildi, joriy yilda 8 millionga yaqin xizmat avtomatik tarzda ko‘rsatilmoqda, elektron hujjat aylanmasi hisobiga aholining yiliga 23 milliard so‘m mablag‘i tejalmoqda;
– biznes uchun sharoitlarni yengillashtirish maqsadida 160 dan ziyod litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 150 dan ortiq ruxsatnoma elektron shaklda berilmoqda, 140 turdagi hujjat va ma’lumot talab qilish bekor qilindi; «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili orqali tadbirkorlikni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Ta’kidlanishicha, byurokratiyani qisqartirish sohasida quyidagilar rejalashtirilgan:
– 2030-yilga qadar davlat xizmatlari sonini 1,5 mingtaga yetkazish, elektron xizmatlar ulushini 95 foizgacha oshirish, kelgusi yilda qo‘shimcha 250 ta xizmatni raqamlashtirish, «Qog‘ozsiz hukumat» tizimiga to‘liq o‘tish va mavjud 40 million hujjatdan 25 milliontasini raqamlashtirish;
– proaktiv va kompozit xizmatlar sonini 400 taga yetkazish, kelgusi yilda 180 ta yangi xizmatni joriy etish; litsenziyalash, qurilish va kommunal tarmoqlarga ulanish sohasida 300 dan ortiq xizmatni soddalashtirish, 4 ta kommunal tarmoqqa yagona ariza orqali ulanish imkonini yaratish;
– 100 dan ortiq xizmatlar muddatlarini 50 foizgacha qisqartirish, 110 dan ortiq hujjat va ma’lumot talab qilishni to‘liq bekor qilish, Davlat xizmatlari portali, «Litsenziya» tizimi, «Yagona darcha» va koll-markazlarni sun’iy intellekt asosida ishlashga o‘tkazish.
Forum doirasida Prezident byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha alohida Dastur tasdiqlanganini e’lon qildi. Dastur ijrosini muvofiqlashtirish uchun «Dastur ofisi» tashkil etiladi, barcha vazirlik va idoralarda uni amalga oshirish uchun mas’ul xodimlar tayinlanadi.
Aholi va biznes vakillari uchun dasturga taklif kiritish va idoralar faoliyatini baholash imkoniyati yaratiladi. Bu maqsadlar uchun 3 million dollarlik mukofot jamg‘armasi shakllantirilib, eng ilg‘or tashabbuslar rag‘batlantiriladi.
Ushbu Dastur 2030-yilga qadar O‘zbekistonni ortiqcha byurokratiyadan xoli, inson manfaatlariga xizmat qiladigan, zamonaviy davlat boshqaruviga ega mamlakatga aylantirishga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter