Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oq uy misli ko‘rilmagan tadbirga mezbonlik qiladi

Oq uy misli ko‘rilmagan tadbirga mezbonlik qiladi

AQSh prezidenti qarorgohi – Oq uy hududida 2026 yilning 14 iyun kuni mutlaq jangchilik chempionati (UFC) bellashuvi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Donald Tramp AQSh harbiy dengiz kuchlarining 250 yilligi munosabati bilan Norfolk shahrida tashkil etilgan marosimda ma’lum qilgan.

Musobaqa uchun 14 iyun sanasi tanlangani bejiz emas. Umr vafo qilsa, Tramp ayni o‘sha kuni 80 yoshga to‘ladi.

Tramp o‘z ma’ruzasida ikkinchilik muddat prezidentlik davrida AQShda mamlakatning 250 yilligi, 2026 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati, 2028 yilda yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘tishini ta’kidlagan.

Xabarlarga ko‘ra, Oq uyning janubiy qismidagi maysazorda UFC jangi uchun oktagon quriladi. Bellashuv doirasida mushakbozlik va chiroqlar shousi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Tramp Oq uy hududida UFC jangi uyushtirilishini joriy yil iyul oyida ma’lum qilgan edi. Trampga ko‘ra, gap 20-25 ming tomoshabin guvohligida o‘tadigan rosmona jang haqida ketmoqda.

Avvalroq ikki vazn toifasida UFC chempioni Konor Makgregor Oq uy hududida tashkil etiladigan bellashuvda amerikalik Mayk Chendlerga qarshi oktagonga chiqishini aytgan edi.

Aralash yakkakurashlarning muxlisi bo‘lgan Donald Tramp aprel oyida Mayamida o‘tkazilgan UFC musobaqasida tashrif buyurgan edi. Bunga qadar AQShning biror bir prezidenti UFC bellashuvlariga bormagan edi.

UFC bosh direktori, Trampning do‘sti va homiysi Deyna Uayt Oq uy hududidagi jangga hozirlik ko‘rilayotganini aytgan.

Tramp ma’muriyati mulozimlari AQShning 250 yilligi va prezidentning 80 yillik yubileyi sharafiga tashkil etiladigan musobaqa “tarixdagi eng ulug‘ tarixiy sport hodisasi” bo‘lishini aytmoqda.

Tramp 2025 yil yanvar oyida prezidentlikka kirishganidan keyin Oq uy majmuasida bir qator o‘zgarishlar qildi. Xususan, prezident o‘tiradigan asosiy xona (Oval kabinet) tilla naqshlar bilan bezatildi.

Oq uyda sport musobaqasi o‘tkazish g‘oyasini AQSh jamoatchiligi birdek qo‘llab-quvvatlayapti deb bo‘lmaydi. Muxoliflar buni dunyo siyosati markazi hisoblanib kelgan va vazminlik timsoli bo‘lgan Oq uyning sha’nini tushirish deb ham baholamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring