Osiyo o‘yinlari oldidan: O‘zbekiston yangi sport markaziga aylanmoqdami?
Yaponiyaning Aychi va Nagoya shaharlari mezbonlik qiladigan XX Osiyo o‘yinlari nafaqat qit’aning eng yirik sport musobaqasi, balki yangi kuchlar nisbatini ko‘rsatib beruvchi muhim sinov bo‘ladi. So‘nggi yillarda xalqaro arenalarda barqaror natijalar qayd etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi bu safar ham medallar jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga yaqinda 35 yil to‘ladi va mamlakatimizda sportga hamisha yuksak e’tibor qaratib kelingan. Ayniqsa, keyingi yillarda bu sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘zbek sporti yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mutaxassislar fikricha, Aychi–Nagoya Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston bir qator sport turlarida qit’aning asosiy favoritlaridan biri sifatida maydonga tushadi.
Boks
Eng katta umid, avvalgidek, boks bilan bog‘langan. O‘zbek boks maktabi so‘nggi yillarda nafaqat Osiyo, balki jahon darajasida ham yetakchilardan biriga aylandi. Parij Olimpiadasida Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Abdumalik Xalokov, Lazizbek Mullojonov, shuningdek ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov tengsiz bo‘lgan edi. Osiyo o‘yinlarida ham bu bokschilarning aksariyati oltin medal uchun asosiy da’vogarlar sifatida qaralmoqda.

Garchi Lazizbek Mullojonov va Bahodir Jalolov bu musobaqada ishtirok etmasalar ham, Jahongir Zokirov, To‘rabek Habibullayev kabi yosh va umidli bokschilar ularning o‘rnini bildirmaslikka harakat qiladilar.
Ayollar o‘rtasida esa Feruza Qozoqova, Odinaxon Rahimova va Xumoronabu Mamajonova kabi bokschilardan ham yuqori natijalar kutilmoqda.
Dzyudo
Medallar uchun asosiy manbalardan yana biri — dzyudo. O‘zbekistonlik dzyudochilar so‘nggi yillarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda va Osiyo arenasida Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Mo‘g‘uliston bilan teng raqobat qilish salohiyatiga ega.

Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova, jahon chempionati sovrindorlari Muzaffarbek To‘raboyev, Davlat Bobonov, Sharofiddin Boltaboyev hamda og‘ir vazndagi yetakchi dzyudochilardan Alisher Yusupov O‘zbekistonning asosiy medal umidlari hisoblanadi.
Kurash
Erkin va yunon-rum kurashi, shuningdek ayollar kurashi bo‘yicha ham O‘zbekistonning medal imkoniyatlari yuqori baholanmoqda. Erkin kurashda Olimpiya chempioni Razambek Jamalov, yunon-rum kurashida Islomjon Baxromov, ayollar kurashida esa yosh va iqtidorli sportchilar yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilmoqda.
Mamlakatda ushbu yo‘nalishlarda shakllangan kuchli murabbiylik maktabi yillar davomida o‘z samarasini berib kelmoqda.
Og‘ir atletika
Og‘ir atletika ham O‘zbekistonning eng ishonchli medal manbalaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida muntazam ravishda shohsupaga ko‘tarilib kelmoqda.

Tokio Olimpiadasi chempioni Akbar Jo‘rayev Osiyo o‘yinlarida ham oltin medal uchun asosiy da’vogarlardan biri sanaladi. Shuningdek, iqtidorli yosh og‘ir atletikachilar Sardorbek Toshtemirov hamda ayollar o‘rtasida Muattar Nabiyeva ham medallar uchun kurashishi mumkin.
Og‘ir atletika maktabining izchil rivojlanishi va zaxira sportchilarning yetishib chiqishi O‘zbekistonning ushbu sport turida Osiyoning yetakchi davlatlari qatorida qolishini ta’minlamoqda.
Yangi imkoniyatlar
Taekvondo va sport gimnastikasida ham o‘zbekistonlik sportchilardan yuqori natijalar kutilmoqda. Taekvondoda Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov va Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori Svetlana Osipova O‘zbekistonning asosiy umidlari hisoblanadi.

Sport gimnastikasida afsonaviy Oksana Chusovitinaning tajribasi hamon jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yengil atletikada ham o‘sish kuzatilmoqda. Balandlikka sakrash bo‘yicha Safina Sa’dullayeva, ko‘pkurash bo‘yicha Yekaterina Voronina kabi sportchilar Osiyo miqyosida medal uchun kurashish imkoniyatiga ega. Yosh yengil atletikachilarning Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani mamlakatning ushbu yo‘nalishda ham raqobatbardoshligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Davlat islohotlari natija bermoqda
Bu yutuqlarning asosiy manbasini, avvalo, davlat tomonidan sport sohasiga qaratilayotgan e’tiborda ko‘rish mumkin. So‘nggi yillarda milliy terma jamoalarni shakllantirish tizimi takomillashtirildi, sportchilarni saralash jarayoni yanada shaffoflashtirildi va tayyorgarlik jarayoniga zamonaviy ilmiy yondashuvlar keng joriy etildi.

Shu bilan birga, hududlarda yangi sport inshootlari qurildi, mavjud bazalar modernizatsiya qilindi, murabbiylar malakasini oshirish va yoshlar zaxirasini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim jihat — mamlakatda xalqaro sport tadbirlari soni sezilarli darajada oshdi. O‘zbekistonning nufuzli jahon chempionatlari, Osiyo chempionatlari hamda Osiyo Olimpiya Kengashi tadbirlariga mezbonlik qilishi xalqaro sport hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston sport Gran-prisiga aylanyaptimi?
So‘nggi ikki-uch yil ichida O‘zbekistonda jahon va qit’a miqyosidagi musobaqalar soni keskin oshdi. Xalqaro federatsiyalar mamlakatning sport infratuzilmasi, tashkiliy imkoniyatlari va xavfsizlik tizimini yuqori baholamoqda.

Bu jarayon nafaqat xalqaro musobaqalarni qabul qilish, balki O‘zbekistonni Osiyo sportining muhim markazlaridan biriga aylantirish strategiyasining ajralmas qismi sifatida ko‘rilmoqda. Ayrim xorijlik ekspertlar mamlakatni hatto "Markaziy Osiyoning sport poytaxti" sifatida ham e’tirof etmoqda. Toshkentda barpo etilgan zamonaviy Olimpiya shaharchasi bemalol mana shu e’tirofning isboti bo‘la oladi. Majmua kelgusida ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonga hali dunyo tanigan sportchilar keladi. Va shu o‘lkadan dunyo taniydigan yulduzlar ko‘p ko‘p yetishib chiqadi.
Xulosa
Aychi-Nagoya Osiyo o‘yinlari O‘zbekiston sporti uchun navbatdagi jiddiy imtihon bo‘ladi. Boks, dzyudo, kurash, og‘ir atletika, taekvondo, gimnastika va yengil atletika kabi sport turlarida yuqori natijalar qayd etish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Eng muhimi, bugungi yutuqlar tasodif emas. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, sport infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar, yoshlar zaxirasini tayyorlash va xalqaro hamkorlikning kengayishi O‘zbekistonni nafaqat medallar uchun kurashadigan mamlakatga, balki Osiyo sporti rivojiga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim markazlardan biriga aylantirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter