Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

NATOning kuni bitdimi?..

NATOning kuni bitdimi?..

NATO bosh qarorgohi.

Foto: Xabar.uz / Sobir Salim

AQSh prezidenti Donald Trampning NATOdan chiqish haqidagi tahdidli bayonotlari, Yevropadagi ittifoqchilarning Eronga qarshi urushga qo‘shilishni rad etishi ortidan yuzaga kelgan ziddiyat harbiy ittifoq tarixidagi eng jiddiy inqiroz hisoblanadi. Bu haqda AQShning NATOdagi sobiq vakili Ivo Daalder Euronews telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

«So‘nggi olti hafta NATO uchun halokatli davr bo‘ldi. Biz NATOni parokanda holda ko‘rmoqdamiz. Bu avvaliga Sovet Ittifoqi, keyin esa Rossiya 80 yil davomida ko‘zlagan asosiy maqsad edi», — degan amerikalik diplomat Ivo Daalder.

Ushbu intervyu prezident Tramp Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutteni qabul qilgan pallaga to‘g‘ri keldi.

Tramp uchrashuvda NATOni AQShni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaganlikda ayblagan. «NATO bizga kerak bo‘lganda yonimizda turmadi», — deb yozg‘irgan AQSh rahbari.

Gap shundaki, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning da’vatiga ko‘nib Eronga qarshi tajovuzkor urushga kirishgan Tramp og‘ir ahvolga tushib qoldi. Tehron hukumati Netanyahu aytganidek bir necha kunda qulamadi. Aksincha, ikki yirik harbiy davlatga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatdi. Boz ustiga, Eron dunyo neft va gazining salmoqli qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatdi. Vaziyat mushkullashgani ortidan Tramp bo‘g‘oz orqali neft va gaz eksportini tiklash masalasida NATO davlatlaridan yordam so‘radi.

NATO davlatlari AQSh Eronga qarshi urushni bamaslahat boshlamagani vajidan bu masalaga aralashmaslikni ma’qul deb topdi. Masalan, Germaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi tranzitni tiklashda NATOning rolini ko‘rmayotganini ochiq bildirdi.

NATOning Eronga qarshi urushga qo‘shilmagani, boz ustiga, Ispaniya, Fransiya, Italiya kabi davlatlarning AQSh harbiy uchoqlariga o‘z havo hududini yopgani Trampni darg‘azab qildi.

Oq uy mulozimlari Erondagi harbiy amaliyot yakunlanganidan so‘ng Vashington alyans bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishini aytmoqda.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte AQSh va Isroilning Eronga agressiyasini qo‘llab-quvvatlar ekan, Vashington bilan ziddiyat u qadar jiddiy emasligini uqtirishga uringan. Tramp bilan uchrashuvdan keyin ham u NATOning ayrim a’zolari AQShga bergan va’dasini bajarmagani, ammo aksar davlatlar so‘zida turganini aytgan. 

Ammo aksar tahlilchilar NATO va AQSh o‘rtasidagi ixtilof kuchayib borayotganini aytmoqda.

Xo‘sh, Tramp NATOdan chiqishni istasa, bu qarorni osonlikcha amalga oshira oladimi?

2023-yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, AQShning NATOdan chiqishi haqidagi hujjatni Qo‘shma Shtatlar Senatining uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi. Ammo Tramp NATOdan rasman chiqmagan holda ham harbiy ittifoqni kuchsizlantirish imkoniga ega.

Hozirda Germaniya (34 547 nafar),  Italiya (12 332 nafar), Buyuk Britaniya (10 046 nafar), Ispaniya (3 627 nafar), Turkiya (1 713 nafar), Belgiya (1 060 nafar) kabi davlatlarda AQSh askarlari mavjud. Tramp, avvalo, ushbu askarlarni to‘liq AQShga qaytarishi mumkin.

O‘tgan yili ham The Economist nashri Tramp Yevropa davlatlaridan 20 mingga yaqin askarini olib chiqishi mumkinligi haqida yozgandi. Bu esa Qo‘shma Shtatlarning Yevropa uchun ishonchli ittifoqchi maqomidan mahrum bo‘lishi deb talqin etilgan.

Tramp, shuningdek, NATO tarkibidagi harbiy lavozimlarga amerikalik zobitlarni tayinlash amaliyotini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

AQSh NATO tizimida muhim o‘rin tutadi. Harbiy alyans tasarrufidagi 3,2 million askarning 1,3 million nafari, 20 300 ta samolyotning 13 mingtasi, 12 200 ta tankning 4 600 tasi, 2 700 ta kemaning 500 tasi AQSh tegishli. Shu ma’noda AQShning harbiy ittifoqdan chiqishi katta yo‘qotish va zaiflashuv bo‘ladi.

Ayni choqda, ayrim tahlilchilar AQShning NATOdan chiqishi qanchalik og‘ir yo‘qotish bo‘lmasin, Yevropa katta xarajat va ulkan sa’y-harakat evaziga mudofaa salohiyatini oshirishi mumkin deb hisoblaydi. Masalan, Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi sobiq mulozimi, xalqaro aloqalar bo‘yicha Yevropa kengashi xodimi Nik Uitni Yevropa harbiy salohiyatini oshirish yo‘llarini topishi, yadro himoyasi borasida esa Fransiya tashabbus ko‘rsatishiga ishonch bildirgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida prezident Tramp ma’muriyatidagi yuqori martabali razvedka mulozimi – Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy markaz direktori Jo Kent Oq uyning Eronga qarshi urushiga norozilik bildirgan holda lavozimidan iste’fo bergan edi.

Jo Kent ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida AQShning NATOdan chiqishiga doir kutilmagan sababni ko‘rsatdi.

«Afsuski,  (AQShning) NATOdan chiqishi bizning erkinligimizni cheklovchi aloqalardan xalos bo‘lish maqsadini ko‘zlagan holda amalga oshirilmaydi. Biz NATOdan Turkiya hamda Isroil Suriya hududida to‘qnashganda, Isroilni dastaklash maqsadidan chiqamiz», — deb yozdi sobiq yuqori martabali razvedkachi.

AQShning NATOdan rasman chiqishi muayyan vaqt talab etishi mumkin. Ammo Qo‘shma Shtatlar harbiy alyansni  tark etmagan taqdirda ham o‘zaro munosabatlar avvalgidek bo‘lmasligi aniq.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring